X

ADA University kutubxonasi

 

 

      Ozarbayjon tarixi, bugungi siyosati, madaniyati, fani va adabiyoti bilan yaqindan tanishishim uchun menga ushbu mamlakatning eng yangi va zamonaviy oliy ta'lim muassasasi - ADA University kutubxonasida ishlash uchun ruxsatnoma berildi. Men kutubxonada mavjud adabiyotlar bilan tanishdim. Universitet kutubxonasi nihoyatda zamonaviy va boy bo‘lib, u talabalarning ta'lim olishi va izlanishlar olib borishini qulaylashtirish uchun jihozlangani hamda tegishli ta'minotga egaligi diqqatimni tortdi. Kutubxona yerto‘lasi bilan to‘rt qavatdan iborat. yerto‘la qavatida kompyuterlar o‘rnatilgan bo‘lib, u yerda talabalar internet tarmog‘iga ulanishi hamda elektron kitoblarni o‘qishi mumkin. Birinchi qavatda kutubxona ma'muriyati, qabulxonasi, xizmat ko‘rsatish sho‘basi, garderob, oxirgi nashrlar stendi, davriy matbuot burchagi hamda kompyuter stollari joylashgan. Ikkinchi va uchinchi qavatlar to‘laligicha kitob javonlaridan hamda o‘quv zallaridan iborat. O‘quv zallarida stollar, kursilar, divanlar har xil tartibda joylashtirilgan bo‘lib, u yerda talabalar bemalol mutolaa qilishi uchun imkoniyatlar yaratilgan. Ya'ni, talabalar faqatgina bir qator qilib terilgan stollar atrofida to‘planib kitob mutolaa qilishdan tashqari, qulay divanlarda yastanib, kitob javonlari chetidagi o‘rinlarda va hatto polda o‘tirib yoki yotib kitob o‘qishi ko‘zda tutilgan. Kutubxona xodimlarining menga tushuntirishicha, oxirgi tadqiqotlar natijasida bir xil o‘tirishda, rasmiy shaklda mutolaa qilish odamni tez charchatib, zeriktirib qo‘yishi aniqlangani, talabalar kutubxonada o‘zlarini tamoman erkin tutishiga imkoniyat yaratib berishga qaror qilingan. Bunday yondashuv o‘z samarasini bergan shekilli, kunning har qanday vaqtida kutubxona o‘quvchilarga to‘la bo‘ladi.

      Universitet kutubxonasi nafaqat shu oliy ta'lim muassasasi talabalari, balki boshqa oliygohlar talabalari hamda turli ilmiy muassasalar tadqiqotchilari orasida ham mashhur ekan. Kutubxonadagi adabiyotlarning 95 foizi ingliz tilida bo‘lib, oxirgi 15-20  yil ichida chop etilgan kitoblar jamlangan. Kitoblar juda yaxshi ahvolda saqlanadi, ularni uyga olib ketish mumkin emas, kitoblarga zarar yetkazish qat'iy jazolanadi, buzilgan nusxaning o‘rni to‘ldiriladi. Kutubxona nafaqat talabalar, balki chetdan tashrif buyuruvchilar uchun ham ochiq bo‘lib, haftasiga besh kun soat 09:00 dan 21:00 ga qadar, shanba kuni esa soat 10:00 dan 16:00 ga qadar ishlaydi. Kutubxona nihoyatda tartibli va ozoda bo‘lib, u yerga har qanday oziq-ovqat mahsulotlari olib kirish taqiqlanadi. Qorni ochgan kitobxonlar birinchi qavatdagi tamaddixonaga kirishlari mumkin. Kutubxonaga a'zolik uchun maxsus guvohnoma yoki ro‘yxatdan o‘tish jarayoni talab etilmaydi. Talabalar uchun universitet elektron ruxsatnomalari, chetdan keluvchi kitobxonlar uchun esa universitetning vaqtinchalik kartalari kutubxonaga kirish va u yerdagi kitoblardan foydalanish uchun ruxsatnoma vazifasini o‘taydi.

      Boshqa qulayliklar qatorida yana quyidagilarni aytib o‘tish mumkin. Barcha qavatlarda elektron qidiruv apparatlari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali tegishli adabiyotlarni kataloglar orqali qidirish va kutubxonachilarga onlayn yoki yozma so‘rov berish mumkin. Onlayn so‘rovni kutubxona sayti orqali ham berish mumkin. Birinchi qavatdagi ma'muriyatda ishlovchi texnik xodim tashrifchilarning noutbuklarida yoki planshetlarida yuzaga keladigan har qanday muammoni bepul sozlab berish uchun mas'ul hisoblanadi. Kutubxona binosi o‘z Wi-Fi tarmog‘iga ega bo‘lib, talabalarning ishida hyech qanday qiyinchiliklar uchramasligi uchun unga yuqori tezlik — 65 Mbt/sekund belgilangan. Kutubxona saytidagi elektron katalog EBSCO, Commons hamda boshqa, jami o‘nga yaqin elektron kutubxona kataloglariga va ma'lumot bazalariga ulangan bo‘lib, ular orqali aksariyat adabiyotlarning elektron nusxalarini qidirib topish mumkin. Ammo kitoblarning pdf formatidagi elektron nusxalarini ko‘chirib olish uchun internetga faqatgina kutubxona Wi-Fi tarmog‘i orqali kirish talab etiladi.