X

Ashurova Gulbahor Nurullayevna Alisher Navoiy nomidagi Tosh DO‘TAU Katta ilmiy xodim izlanuvchisi, f.f.n.

Ashurova Gulbahor Nurullayevna Alisher Navoiy nomidagi Tosh DO‘TAU Katta ilmiy xodim izlanuvchisi, f.f.n.

   Ma'naviy barkamol avlodning ta'lim-tarbiyasi, ularning ham jisman, ham ma'nan yetuk inson bo‘lib voyaga yetishi, zamonaviy bilim hamda kasb sohibi bo‘lishi, jamiyatimiz hayotida munosib o‘rin egallashi uchun bugun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bugun dunyo bo‘yicha millionlab bolalar ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bir paytda mamlakatimizda yoshlarni to‘liq umumiy o‘rta ta'lim, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va oliy ta'lim muassasalarida eng zamonaviy, qulay sharoitlarda ilm olishi kelajagimiz, mamlakatimizning ertangi kuni uchun  eng muhim omil hisoblanadi.

      Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning: “Ma'naviy-ma'rifiy sohada oldimizda turgan eng muhim va dolzarb vazifamiz – yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini yuksaltirishdan iborat bo‘lib, bu vazifalarni amalga oshirishda biz asrlar mobaynida shakllangan milliy an'analarimizga, ajdodlarimizning boy ma'naviy merosiga tayanamiz”[1], - degan so‘zlari zamirida yoshlarni ilm sarchashmalaridan bahramand etish, ular qalbida ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirish masalasi turganligi  shubhasizdir.

      Bugungi kunda mustaqil yurtimizda keng bunyodkorlik ishlari amalga oshishi bilan bir qatorda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarimizni boyitish va rivojlantirishdek ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqishi uchun ham  keng imkoniyatlar ham yaratilgan. Chunonchi, 2016-yil 13-mayda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil qilinishi olamshumul tarixiylik kasb etdi.

      Universitet rektori ushbu universitetimizning tashkil etilishi, shu kunga qadar amalga oshirilgan muhim va asosiy ishlar, mas'uliyat va burch haqida so‘zladilar. Universitetning tashkil qilinishi, universitet dargohida 57% yangi fanlarning qo‘shilishi, yangi ishchi va namunaviy dasturlarning yaratilishi, yangi universitet qabul jarayonidagi holatlar kabi turli jadal sur'atlardagi ishlar ko‘z o‘ngimizda kinofilmdek jonlandi. Bu jarayonlar nihoyatda mehnat va zahmat samarasi o‘laroq bugun o‘qib turgan go‘zal binomizning ta'mirlanishi ham oson kechmaganligini kuyinchaklik bilan gapirib berdilar. Bino ta'miri masalasi shaxsan davlatimiz rahbarining e'tiborida bo‘lganligi, har bir auditoriya, har bir jihoz takror va takror o‘ylab, sinovdan o‘tib, bu dargohga loyiq topilganligini Shuhrat Samariddinovich so‘zlaridan bilib oldik. Oddiy o‘tiradigan stuldan tortib, deraza oynalari, yozda salqin, qishda issiq bo‘lishi kabi barcha-barcha omillar hisobga olinganligi va bular aynan davlatimiz rahbarining sinchkov nigohi orqali e'tibor berib tanlangani universitetimizning har bir a'zosi, talaba va o‘qituvchilariga katta mas'uliyat yuklaydi. Jihozlarni ko‘z qorachig‘iday asrash, yaratilgan sharoitdan unumli foydalanish, keng tarmoqli universitet kutubxonasidan bahramand bo‘lish, bizga yaratilgan qulay imkoniyat va talablar darajasini belgilash omili bo‘lishi shubhasizdir.

      Universitetimizda kelgusida “Milliy meros”, “O‘zbek tili va adabiyoti universiteti axborotnomasi”, yillik to‘plamlarning nashr etilishi biz katta ilmiy xodim izlanuvchi, magistrlar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochishi shubhasizdir.

      Shuningdek, universitetimiz veb-sayti eng ilg‘or veb-saytlar qatorida e'tirof etilgan. Har bir yangilik, yangi xabar va axborotlar bu saytda tezkorlik bilan o‘z aksini topadi.

      Universitetimiz rektorining KIXI va magistrlar bilan tez-tez uchrashib suhbat qilayotganlari bejizga emas. Chunki, universitet faoliyati orqali biz dunyoga chiqib, o‘zbek ma'naviyati, tili va adabiyoti ilmini targ‘ib va tashviq etamiz.

      Bugun yana rektorimiz bilan bo‘lgan uchrashuvdan olam jahon taassurotlar bilan chiqdim. Universitetimiz huzurida “Butun dunyo navoiyshunoslari xalqaro jamiyati”ning  tuzilishi, “Butun dunyo turkologlari assotsiasiyasiga asos solinishi, “O‘zbek xalqi ma'naviyati, falsafa va etnografiyasi tarixini o‘rganish markazi”ning tashkil etilishi universitetimizning naqadar yuqori salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Ammo, bu yuksak darajadagi ishlarni bajarish hammasi biz kelgusi avlod qo‘lida ekanligi shuhbasizdir.

      Chet tilini bilgan yosh ilmiy xodimlar vazirlik tomonidan xorijda o‘qishi va stajirovkaga borib kelish imkoniyatlari yaratilganligi ham biz uchun yana bir hukumatimiz tomonidan yaratilgan oliy ne'mat desam, adashmagan bo‘laman. Yaxshi niyatlarni qildik, albatta, bu orzularimiz amalga oshishiga ishonaman! Tinmay mehnat qilib, intilib bizga bildirilgan ishonchni oqlash har birimizning vatan oldidagi muqaddas burchimiz ekanligini yana bir bor chuqur his etdim.


[1] Мирзиёев Ш. Навоий  вилояти сайловчилари билан учрашувдаги нутки. Халқ сўзи газетаси, 2016 йил.