X

Adabiyotshunoslik ilmi ixlosmandlari uchun


“ Kuni kecha O'zbek filologiyasi fakultetining navbatdagi nazariy- metodologik seminari tashkil etildi. Unda fakultetning professor-o'qituvchilari hamda ilmga chanqoq talabalar ishtirok etishdi. ”

F.f.doktori Rashid Zohidovning "O'zbek mumtoz adabiyotida arab izofa birikmalari imlosi", Sobir Mansurovning "Muhibbiy devonining tuzilishi", Zilola Shukurovaning "Qissasi Rabg'uziyning folklorlashuv jarayoni", Ilyos Ismoilovning "Sharq "Iskandarnoma"larida baroati istehlol yaratish an'anasi" kabi mavzularda ma'ruzalari tinglandi.

Xususan, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Ilyos Ismoilov o'z ma'ruzasida Navoiy dostonida boshqa "Iskandarnoma"lardan farqli ravishda tavhid g'oyasining dunyoviy  shohlikka oid mohiyati bilan talqin etilishi o'ziga xoslik ekanini ta'kidladi. Navoiy chinakam shohlik - mutlaq ehtiyojsizlik, har qanday ehtiyojmandlik esa gadolikdir, degan qarash tarafdori bo'lgan. U shu tariqa butun doston fano konsepsiyasi asosiga qurilganini birinchi baytdayoq ifodalab beradi va turli tafsilotlar bilan ana shu konsepsiyani tasvirlaydi. Ma'ruza davomida bu holni adabiyotda determinizm qonuniyati ifodasining klaasik namunasi sifatida baholash mumkinligi, Navoiyning salaflariga nisbatan asosiy yangiligi ham shunda ekanligi aytildi.

Zilola Shukurova esa "Qissasi Rabg'uziy" asarini tahlil qilish jarayonida hozirgacha tayanib kelinayotgan Rabg'uziy ijodi haqidagi ayrim ma'lumotlar adib va uning merosi haqida to'liq tasavvur hosil qilmasligini qayd etdi. Asarga uzoq vaqt davomida turli joylarda turli kotiblar tomonidan ko'chirilgan va kitobot asnosida unga qo'shimcha hikoyalar, she'rlar kiritilgan. Natijada, qissa tili, syujeti, kompozitsion tuzilishi, hattoki yozilgan sanasiga doir chalkashliklar yuzaga kelganligi ta'kidlandi. Bu esa hali sohada ko'plab ilmiy izlanishlar olib borilishi kerakligini anglatadi.  Seminar ana shunday qizg'in muhokamalar, qimmatli ma'lumotlarga boy bo'ldi.

2019-2020-o'quv yili davomida O'zbek filologiyasi fakulteti tomonidan f.f. doktori, professor Uzoq Jo'raqulov boshchiligida jami 14 ta nazariy-metodologik seminar o'tkazilgan bo'lib, ularda 35 nafar professor-o'qituvchi, doktorant va mustaqil izlanuvchilar ma'ruza qilishdi. Yangi o'quv yilidan bu kabi ilmiy davralarda boshqa oliy ta'lim muassasasalari o'qituvchilari hamda xorijlik olimlar ham ishtirok etish istagini bildirishgan.