X

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAU rektori Shuhrat Sirojiddinovning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi


“ Aziz yoshlar, ilmga chanqoq talabalar! Sizlarni bir necha yildirki, yurtimizda keng miqyosda nishonlanib kelinayotgan 30-iyun - Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan, samimiy tabriklayman. ”

         Vatanimizning yangi qiyofasini yaratishda o'z bilimi, mehnati, tashabbuskorligi bilan hissa qo'shishga intilayotgan, ezgu hayotiy maqsadlarni oldiga qo'ygan, doimo baland marralarni ko'zlab,  boshqalarga o'rnak va namuna bo'layotgan siz kabi  yoshlardan biz kattalar  doimo ruhlanamiz. Kelajakka ishonch, ko'zingizdagi o't, qalbingizdagi azm-u shijoat sizlarni ko'zlagan marralaringiz tomon yetaklasin.
        O‘zbekistonni yoshlar mamlakati deyishadi. Har yili 16 milliondan ziyod yoshning o'qib-o'rganishi, chuqur bilim va kasb egasi bo'lishi uchun davlat dasturlari, yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. Davlat o'zining farzandlari uchun qayg'uryapti, ularga imkon beryapti.  Sizga esa o'z ustingizda tinimsiz ishlash, tanlagan sohangizning eng zo'r mutaxassisi bo'lish qoldi, xolos. Imkoniyatlarni boy bermang. Vaqtingizning, yoshligingizning qadriga yeting! Mag'lubiyatlardan qo'rqmay, doimo olg'a yuring.
        Har kim mehnatda, fanda xalqqa astoydil xizmat qilib, o'z baxtini topadi. Qalbingizda kurashib yashash ishtiyoqi hech qachon so'nmasin. Ertangi kunga o'zingizdan nima qoldirishingizni o'ylang.
       Sizning yutuqlaringiz bizni doimo quvontiradi. A'lo baholarga ta’lim olib, nomdor stipendiyalarga sazovor bo'layotgan, o'z  ilmiy ishlari bilan katta ustozlar e'tirofiga sazovor bo'layotgan,  maqolalari  xalqaro jurnallarda chop etilayotgan, turli tanlovlar va loyihalarda universitet nomidan ishtirok etib, yuqori natijalarga erishayotgan faol yoshlarimiz bilan doimo faxrlanganmiz! Bunday yoshlarning universitetimizda ko'pligi esa cheksiz g'urur bag'ishlaydi.
       Aziz talabalarim,  o'qish-o'rganish, ilm-fanga, taraqqiyot cho'qqilarini egallashga intilib yashash hamrohingiz bolsin! Barchangizga el-yurtimiz faxrlanadigan munosib farzand, malakali kadr, ziyoli inson bo'lish baxti  nasib etishini tilayman! 
Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi hukm surayotgan bugungi kunda ham o'z oldiga ulkan maqsadlarni qo'yib, ilm va bilim olish yo'lida zarracha ortga chekinmayotgan ko'p sonli yoshlar qatorida universitetimiz talabalarining ham borligi bizni quvontiradi.
      Qadrli yoshlar!
Millat o'zligining, o'zagining, kelajagining tomiri sanalgan til va adabiyot sohasini tanlaganingizning o'zi katta bir baxt. Ona tilini himoya qilish, uning nufuzi uchun kurashish hammaga ham nasib qilavermaydi. Xayrli va ezgu ishlaringizda hamisha omad yor bolsin.
Sizlarga cheksiz sog'lik-salomatlik tilayman!  Har bir ishda tole Sizlarga kulib boqsin! 
       Yoshlar kuni muborak bo'lsin!