X

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti pedagogik jamoasining MUROJAATI


“ Aziz o‘quvchilar, talaba yoshlar! ”

Bugun dunyo manzarasi o‘zgarmoqda. Barcha davlatlar va xalqlarning fikru xayoli kundan-kunga kuchayib, to‘lishib borayotgan ko‘rinmas yov – koronavirus bilan astoydil kurashishga qaratilgan. Munosabatlar, aloqalar jiddiylashgan, vaziyat jiddiy tus olgan. Insoniyat uchun sinov davri boshlandi. Bu jarayonda qaysiki davlat, millat aql-idrok, tafakkur bilan ish ko‘rsa, kelgan baloga sabr-toqat bilan yondashsa, o‘sha yerda koronavirus nomli dajjolning, albatta, qo‘lidan hech narsa kelmaydi.

Bugun millat bilan olomon degan tushunchalar farqlanmoqda. Taassufki, xudbin, o‘zini o‘ylagan, ko‘pchilik boshiga kelgan og‘ir damlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishga urinayotgan kimsalar barcha xalqlar orasidan topilmoqda.

Agar e'tibor berilsa, koronavirusga qarshi kurashish yo‘lida dunyo mamlakatlarining hammasi o‘zicha yo‘l tutdi. Tilimizda ham ajabtovur, unga nisbatan bo‘lgan cheksiz nafratimizni ifodalovchi “la'nativirus” degan atama paydo bo‘ldi.

Azal-azaldan tinchlik-xotirjamlik va sog‘likni, osoyishtalikni birinchi o‘ringa qo‘yadigan O‘zbekiston xalqi bugun o‘zining xalqparvar yo‘lboshchisi siyosiy irodasini bajonu dil qabul qildi va    bu baloi azimga qarshi kurashga otlandi. Har kim bu kurashda o‘z vazifasini bajarmoqda. Oliy ta'limda tahsil olayotgan yoshlarning kurashini biz nimada ko‘rishimiz kerak. Ularning uyda qolib, masofaviy ta'lim imkoniyatlaridan to‘liq foydalangan holda tahsilda uzilishga yo‘l qo‘ymaslik, kitob mutolaasi, internet tarmog‘idagi befoyda videolar emas, foydali ta'lim dasturlarini ko‘rish orqali o‘z dunyoqarashi va aqliy-ma'naviy salohiyatini oshirish   bilan shug‘ullanishi bu ularning koronavirusga qarshi kurashidir.

Bugun yoshlar nimalarga qodir ekanini ko‘rsatadigan, alohida, vaqtinchalik ta'tilda, oilasi bag‘rida yashab turib ham ko‘p ishlarni bajarish qo‘lidan kelishini isbotlaydigan lahzalar keldi.

Aziz o‘quvchilar, talaba yoshlar! Aql bilan ish tutaylik, beor, yuzsiz, nodon, johil, ishyoqmas, takasaltang bo‘lmaylik. Fursatni g‘animat bilib, ota-onamizning, yaqinlarimizning diydoriga to‘yib-to‘yib olaylik, ularning oiladagi ishlariga dildan ko‘maklashaylik. Otamizning, onamizning oltinga teng nasihatlariga quloq solaylik, ularni qadrlaylik.

Eslaysizmi, biz e'tiqod qo‘ygan ulug‘ allomalarning barchasi bunday paytlarda xudparastlik qilishmagan, o‘zlarining huzur-halovatini o‘ylashmagan, og‘ir zamonlarda el-yurt tomonida turib: “Najot ilmdandir!”,– deb hayqirishgan, ko‘pchilikka to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishgan. 

O‘z sohamiz, tanlagan kasbimiz bo‘yicha o‘qimagan kitoblarni qo‘lga olaylik; tokchamizda,  stolimizda bizga intiq bo‘lib yotgan badiiy kitoblarga nigohimizni tashlaylik; ma'nosi teran hikmatlarni dilga joylaylik;  ko‘ngilga yaqin she'rlarni yodlaylik; maqolalar, ijodiy ishlar yozaylik, feysbukda oldi-qochdi narsalarni o‘qish bilan vaqtni o‘tkazmasdan, salohiyatimizni oshiradigan, ilmimizni ko‘paytiradigan materiallarni izlaylik, o‘qiylik. Mana, oldimizda qancha qiladigan ishlarimiz turibdi!

Tumanlardagi Yoshlar ittifoqi mas'ullaridan joylardagi talabalarimizning interneti doimiy ishlab turishidan va masofaviy ta'lim bilan bog‘liq muammolardan loaqal telefon orqali bo‘lsa ham xabardor bo‘lib turishlarini,  imkon bo‘lsa yordam berishlarini iltimos qilamiz.   

Hurmatli hamkasblar!

2020-yil oliy ta'limda keskin ko‘tarilish yili bo‘lishi kerak. Davlatimiz rahbarining bevosita nazoratida uch yildan beri oliy va o‘rta maxsus ta'lim sohasida jiddiy islohotlar olib borilmoqda. Bu yil g‘alvir suvdan ko‘tariladi. Koronovirus bu sohadagi ishlarimizni tezlashtirib yubordi. Vazirligining jiddiy sa'y-harakati bilan bosqichma-bosqich  joriy etib kelinayotgan masofaviy ta'lim bugun to‘liq amaliyotga kirdi. Uning talablarini sidqidildan bajaraylik. Videodarslarimiz talab darajasida ko‘rimli bo‘lsin. Youtube kanalida joylashtirilganidan so‘ng uni butun dunyo ko‘rishini hisobga olib uyaltirmaydigan qilaylik.  Talabalar bilan masofaviy muloqotlar, SMS yozishmalarimiz odob doirasida, baholash jarayoni adolatli, videojo‘natmalarimiz eski materiallar asosida emas, siyqasi chiqqan tarzda emas, ijtimoiy ahamiyatga ega, ma'noli-mazmunli bo‘lsin.

 

Hurmatli ota-onalar!

Jaholat, yomonlik tomon tashlangan har bir o‘zboshimcha qadam bizga chang solishga tayyor bo‘lib turgan ko‘rinmas yov – koronavirusni kuchaytirishga, uning yanada dahshatli tus olishiga yordam beradi. Buni eng ko‘ngli buzuq  odam ham xohlamaydi...

Biz bugun millatimizni jipslashtiradigan, hammaslak, hamfikr qiladigan, koronavirus otlig‘ dajjolga qarshi o‘zaro hamjihatlikda harakatlanadigan, taqdirimizni aql-idrok bilan hal qiluvchi pallada turibmiz.

Sizning farzandlaringiz bizning farzandlarimiz hamdir. Ularning uy sharoitida o‘z hollaricha vaqtni bekor o‘tkazishlariga beparvo bo‘lmang! Bu sizning farzand tarbiyasi bilan bevosita shug‘ullanishingiz uchun  mislsiz imkoniyatdir. Zora, oxirgi yillarda yo‘qotilayozgan oila, otaning farzand ma'naviy tarbiyasidagi o‘rni yana qaytsa!   Birgalikda kitob o‘qing, hayot haqida suhbatlar quring. Zero, buyuk bobokalonlarimizdan biri Zahiriddin Muhammad Bobur aytganlaridek: “G‘aflat uyqusidin uyg‘on gar tilar bo‘lsang murod, Kim yetar maqsadga ulkim bo‘lsa ul bedorroq”.

Tarbiya yo‘lida bedor bo‘laylik…