X

ToshDO’TAUda korrupsiyaga o’rin yo’q


“ Bugungi kunda oliy ta’limdagi islohotlar tufayli sohada korrupsiyani tomiri bilan yo’q qilishga kirishildi. Biz barchamiz korrupsiyadan xoli davlat va jamiyatni orzu qilyapmiz. Guvohi bo’ldikki, poraxo’rlik, qalloblik ta’limning yoqasidan tutib olgan edi. Shuning oqibatida yana qanchadan qancha sohalar bir-biriga korrupsion zanjir bilan bog’lanib ketdi. Bu zanjir esa butun bir avlodning kelajagini poymol qilmasidan avval uni parchalab yuborish – hozir eng dolzarb masalalardan biri. ”

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida bo’lib o’tadigan har bir ilmiy kengash, har bir ishlab chiqarish yig’ilishida korrupsiyaga yo’l qo’ymaslik, nafaqat ta’limning, avvalo,o’zimizning kelajagimizga bolta urmaslik haqida qat’iy  takrorlanadi, qabul hamda yakuniy imtihonlar jarayoni rahbariyat tomonidan jiddiy nazoratga olinadi. Talabadan biror nima olish tugul, shunga sha’ma qilgan “pedagog” darhol ishdan chetlatiladi. Universitet rektori va talabalar o’rtasida hech qanday “devor” yo’qligi, 24 soat “Telegram” va telefon murojaatlarida o’zaro muloqotning doimiyligini barcha talabalar tasdiqlaydi. Poraxo’rlik, ta’lim sifatiga oid har qanday muammo yuzasidan to’g’ridan  to’g’ri rektorga murojaat qilish mumkinligi va masalaning darhol hal qilinishi ta’lim dargohida har bir jarayon shaffof va adolatli tarzda o’tishini ta’minlayotgan edi. Ammo yaqinda  OAVda e’lon qilingan xabar universitetni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish yo’lida misqollab yig’ilgan obro’mizga soya soldi.

     Gap shundaki, Bosh  prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi va Yakkasaroy tuman bo’limi xodimlari,  tuman prokuraturasi bilan hamkorlikda o’tkazilgan tezkor tadbirda  bir “pedagog”ning jinoyati fosh etildi. OAVda Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti o’qituvchisi  deb tanishtirilgan Y.H. murojaat muallifi Ro’ziboyevadan o’zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Chirchiq davlat pedagogika institutiga o’qishga olib kirib qo’yish evaziga 4000(to’rt ming) AQSH dollari talab qilib, shundan 3000(uch ming) dollarini olayotgan paytda qo’lga olingan.

Shuni ta’kidlash kerakki, Y.H. ushbu voqea sodir bo’lishidan avvalroq universitetdan ishdan bo’shab ketgan. Shuningdek, u ToshDO’TAUga emas, Chirchiq davlat pedagogika institutiga kiritishni va’da qilgan. Alisher Navoiy nomidagi  Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti qabul jarayonlarida bundan keyin ham korrupsiyaga yo’l qo’yilmasligiga, barchasi haqqoniy va adolatli o’tishiga kafolat beradi.

Alisher Navoiy nomidagi  Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti butun respublikamiz bo’ylab til va adabiyot ta’limini yangi bosqichga ko’tarish, bilimli, malakali kadrlarni tayyorlashni maqsad qilgan. Oliygoh bu maqsad yo’lida og’ishmay harakat qilishda, universitet obro’siga putur yetkazadigan xatti-harakatlarga chek qo’yishda davom etadi.

Alisher Navoiy nomidagi

ToshDO’TAU Matbuot xizmati