X

QUSH UYASIDA KOʻRGANINI QILADI

QUSH UYASIDA KOʻRGANINI QILADI

Korrupsiya tushunchasi shunchalik qon-qonimizga singib ketganki, hozir pora olmaydigan odamni koʻrsak hayron boʻlamiz. 1-kursligimda taksida qatnardim, taksichilar sessiyani necha pulga yopishim haqida savol berganda hech qanchaga deb javob berardim. Tabiiyki ular menga ustimdan kulgandek qarab qoʻyardi. Ha, jamiyatimiz shu darajaga kelib qolgan. Hammaning fikri deyarli oʻxshash – ta’lim sohasi poraxoʻrlik eng urchigan soha. Toʻgʻri men buni toʻla rad etmayman. Lekin, biz tinmay kurashayotgan mana shu illatning tub ildizi qayerda, biz qachon oddiy oʻzbekdan poraxoʻrga yoki pora berib ish bitiruvchiga aylanib qolamiz?

Javobni bilimsiz talabalar, pul evaziga baho qoʻyib beradigan oʻqituvchilardan emas, ancha olisdan, bolalikdan izlash kerak emasmikin? Odamlarning korrupsiyaga berilib ketishiga butun boshli jamiyat birday aybdor emasmikin?

Oʻzimiz bolamizni pora evaziga avval yaxshiroq bogʻcha, keyin yaxshiroq maktab, keyinchalik esa oliymaqomroq OTMga joylaymizda ta’lim tizimiz korrupsiyaning oʻchogʻi deb jar solamiz, dod-voy qilamiz. Oʻzimiz farzandimiz yonginasida gaz quyish shahobchasiga navbatsiz kirish uchun qoʻriqchilar choʻntagiga mullajiringdan solamiz-da, bularga pul bermasang ish bitmaydi deymiz. Mana shunday holatlarni koʻrib katta boʻlgan odam poraxoʻrlikni – sovgʻa evaziga ish bitirishni oddiy hol deb qabul qilmasligi mumkinmi? Bu xuddi oʻzi tamaki chekadigan otaning oʻgʻlini tamaki chekmaslikka undashiday gap.

Yurtimizdagi ommaviy korrupsiyaga boʻlgan rujuni tag tomiri bilan uzib tashlamoqchimizmi, marhamat, avvalo oʻzimizdan boshlaylik. Korrupsion harakatlarni sodir etish ehtimolini yoʻqqa chiqarishga urinaylik. Xoʻsh, bu qanday amalga oshiriladi?

Birinchidan, barcha qonun hujjatlari soddalashtirilib, omi xalq ham tushunadigan tilda e’lon qilinishi, hamma oʻz huquqi va majburiyatini aniq bilib olishi zarur.

Ikkinchidan, tarbiya jarayonida birovning haqqiga xiyonat, ta’magirlik ertangi kunimizga urilgan bolta ekanligini ta’sirli usullar bilan tushuntiraylik. Bu borada finlarga havas qilaman. Ularning tarbiyasi shundayki, boshqalar hisobiga boyish, davlat mulkini talon-taroj qilish, ta’magirlik kabi illatlarning gunohi azim ekanligi juda kichikligidanoq singdiriladi. Tabiiyki, bunda hamma ishtirok etadi, hamma amalda buni koʻrsatib, ta’magirlik qilmasdan ham yaxshi yashash mumkinligini isbotlaydi. Ular farzandiga uqtiradiki, ta’limdagi korrupsiya bu oʻz farzandlari nevaralariga nisbatan nafrat. Axir oʻsha bilimsiz, pul evaziga, yoki tanish-bilish bilan bitirib ketgan odam ertaga oʻzimizning farzandlarimizni davolovchi shifokor, ularga bilim beruvchi oʻqituvchi, qonunlar ishlab chiquvchi deputat, hokim, vazir boʻladi-ku! Qanday qilib oʻz farzandlarimiz va nevaralarimizga shuni ravo koʻrishimiz mumkin.

Uchinchidan, qoʻrqitish choralarini ham koʻrish zarur. Negaki, qoʻrquv bizni juda koʻp yomonliklardan saqlab turadi. Korrupsiya bilan qoʻlga tushganlarning jazosi qattiqroq belgilanishi va ommaga ovoza qilinishi korrupsiyaga qarshi ommaviy qoʻrquvni keltirib chqaradi va amalda anchayin foydali boʻladi.

Xulosa oʻrnida shuni ta’kidlamoqchiman, biz qachonki oʻzimizni tarbiyalab, farzandlarimizga ham shuni oʻrgatmas ekanmiz, minglab korrupsiyaga qarshi kurash choralari kutilgan samarani bermaydi. Zero, dunyoni oʻzgartirmoqchi boʻlsang, avvalo, oynada turgan odamdan boshlagin!

Uch yildan beri pora bermay 5 baho olayotgan talaba Shokirjon Tursunov.

 

Shokir Yoʻldosh

Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU talabasi