X

Xalqaro ona tili kuni

   Til - millatning ruhi, deb bejiz aytilmaydi. Har qanday tilda o‘sha millat ruhi, madaniyati – o‘ziga xos xususiyatlari mujassam bo‘ladi. Tenglararo teng bo‘lgan o‘zbek tilining hozirgi avholi, ona tili ta'limining holati – yutuq-kamchiliklari nimalarda? Tilimizga “Davlat tili maqomi” berilganiga ham 28 yil bo‘lyapti. Demak, chorak asrdan ortiq rivojlanishda bo‘lgan tilimiz taraqqiyoti qanday? Davr ona tili ta'limi oldiga qanday yangi vazifalarni qo‘ymoqda.​

     21 fevral – Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan kuyunchak filolog olimlarimiz Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti professorlari  Baxtiyor Mengliyev,  Shomirza Turdimov, dotsentlar Rashid Zohidov, Baxtiyor Abdushukurovlarning ona tilimiz ta'limi oldiga qo‘yilayotgan davr talablari haqidagi fikrlarini o‘qiymiz.

Nimalarga erishdik?

1.     Ona tilidan ilk marta ta'lim maqsadi belgilanib, amaliyotga joriy etildi.

2.     Ta'lim mazmuni tubdan yangilandi – rus tili qurilishi andozlariga asoslangan talqinlardan voz kechilib, o‘zbek tilining sof milliy xususiyatlari ta'limi yo‘lga qo‘yildi.

3.     Reproduktiv-retroskopik yondashuv inkor qilinib, ijodiy va mustaqil tafakkur sohibini yetishtirishga mo‘ljallangan kognitiv-pragmatik ta'lim usuliga o‘tildi.

4.     Yangilangan ta'lim maqsadi, mazmuni va usuli asosida DTS va o‘quv dasturlari, zamonaviy darsliklar yaratildi.

Kamchiliklar nimada?

  1. Ona tilining asl mohiyati – so‘z ustida ishlash amaliyoti – o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish, so‘zni his etish, so‘z izlash, tanlash, qo‘llash, lug‘atlar bilan ishlash, og‘zaki va yozma nutq mahorati hamda muloqot madaniyatini yuksaltirish, notiqlik mahoratini shakllantirish masalasi – e'tibordan chetda qolib ketdi.
  2. Ona tili ta'limida ilmiy tilshunoslik masalalari, fonetizm va grammatizm haddan tashqari kuchayib ketdi, o‘quvchilar amaliyotda ishlamaydigan behad ko‘p miqdordagi ilmiy qoida va ta'riflarni o‘zlashtirishga majbur bo‘lib qoldi – tilshunoslik asoslari ta'limi birinchi o‘ringa chiqib oldi.
  3. O‘rta maxsus va oliy ta'limga kirish imtihonlarida ona tilidan asosiy mezon til malakasi va nutqiy mahorat emas, balki til bo‘yicha amaliy tatbiqsiz, ko‘p hollarda tilshunoslar uchun ham muammo bo‘lgan sof nazariy lingvistik bilimlar darajasi bo‘lib qoldi.

Muammo yechimiga doir vazifa va takliflar

1.     Ona tili ta'limi mazmunini nutqiy malaka uchun zarur bo‘lmagan, amaliyotda hech qanday samarasi yo‘q nazariy fonetizm va grammatizmdan tozalash.

2.     Ta'limda asosiy e'tiborni ta'lim oluvchilarning savodxonlik salohiyatini, so‘z boyligini oshirishga qaratish, mustaqil va ijodiy tafakkurni yuksaltirishni so‘z ustida ishlash amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish.

3.     O‘quv lug‘atchiligini yo‘lga qo‘yish, turli yoshdagi o‘quvchilar uchun ona tilidan maxsus o‘quv lug‘atlarini tayyorlash va chop etish.

4.     O‘rta maxsus va oliy ta'limga kirish imtihonlarini foydasiz lingvistik bilimlar sinovidan ona tilida mustaqil mantiqiy va ijodiy fikrlash, og‘zaki va yozma nutq malakasi sinoviga aylantirish.

5.     Mazkur vazifalarni bajarish uchun maxsus ishchi guruh tuzish.

Ona tili ta'limini takomillashtirish – ijtimoiy ehtiyoj, davr talabi ekan, qo‘yilayotgan vazifalar va ularning yechimiga mutaxassislarimiz, tilimiz jonkuyarlari, ta'lim fidoyilari o‘z munosabatlarini bildirishadi degan umiddamiz.