"Lingvist" to'garagi

Ma’lumki, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho meros sifatida ona tilimizni asrab-avaylash, boyitish, nufuzini oshirish ustuvor vazifalardan sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning 2016-yil 13-mayda imzolangan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonida ta’kidlanganidek: “…fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurispuridensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish oldimizda muhim vazifa bo‘lib turganini qayd etish lozim”.  Shu ma’noda hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili va tilshunosligining o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning sifatini oshirishga hissa qo‘shish maqsadida universitet qoshida “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi tarkibida “Lingvist” to‘garagi tashkil etildi.

Har qanday soha rivojida amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar qatorida to‘garaklar faoliyati alohida ahamiyatga ega. Xususan, “Lingvist” to‘garagi yangi yetishib chiqayotgan yosh olim va olimalarni katta ilmiy hayotga tayyorlash borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, kafedrada faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning to‘garakka doimiy jalb etilishi, universitet miqyosida talabalarni to‘garakka da’vat etish, ularning til nazariyasi va amaliyotiga oid qiziqishlarini rag‘batlantirish uchun har yili chop etiladigan “Lingvist” to‘plami namunalari fikrimizni isbotlaydi. Mazkur to‘plamda nafaqat to‘garak faollarining ilmiy ishlari, balki  universitet, turdosh oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, doktorant, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar, talabalarning ham ilmiy maqolalari e’lon qilinib boriladi.

Ona tiliga bo‘lgan e’tiborning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi to‘garak a’zolarini, ayniqsa, til muammolarini hal etishda munosib ulush qo‘shishga bel bog‘lagan yosh yigit-qizlarni turfa mavzular doirasida izlanishlar olib borishga ilhomlantiradi. To‘garakning har oylik yig‘ilishlarida to‘garak mas’ullari tomonidan taklif etilgan tilshunos olim yoki olima talabalarning tilshunoslikning turli xil masalalari yuzasidan bo‘lgan fikrlariga ilmiy nuqtayi nazardan baho berishadi va ularning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashadi.