Neyming laboratoriyasi

 

Toshkent davlat o‘zbek tili va va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan aholi o‘rtasida ona tili va adabiyotiga hurmat hissini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, aholining, ayniqsa yoshlarning yozma nutq savodxonligi, til madaniyati masalalarida ijtimoiy faolligini oshirish, savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarning amaliy ifodasi sifatida universitetimizda neyming laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshladi.

 O‘zbekiston bugungi kunda jahon hamjamiyatida tobora mustahkam o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Jahon bozorida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan nom ostida mahsulotlarimiz dunyo bozorida o‘z o‘rnini, xaridorini topmoqda. Ta'bir joiz bo‘lsa, har qanday millat dunyo minbariga qadamni dastlab o‘z ona tili orqali qo‘yadi, har qanday ishlab chiqarish mahsuloti dastlab muvaffaqiyatli tanlangan nom orqali mashhurlik pillapoyasiga qadam qo‘yadi. So‘nggi yillarda xalqimiz orasida neyming termini ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlar, ularning brendi kabilar uchun nom yaratishga nisbatan faol qo‘llanmoqda. Ishlab chiqarish sub'ekti, tadbirkor uchun o‘z korxonasi, ishlab chiqarayotgan mahsuloti, uning brendiga nom qo‘yish mas'uliyatli vazifa, albatta. Neyming murakkab ijodiy lingvistik jarayon sifatida uni yaratuvchidan til me'yorlarini mukammal bilish, uning ta'sir kuchiga to‘g‘ri baho bera olish, nom yaratishda til birliklaridan o‘rinli va maqsadga muvofiq tarzda foydalanish, nom orqali samarali kommunikativ muloqotni yarata olish qobiliyatini talab etadi.  Har qanday ishlab chiqarish, savdo obyekti yoki mahsulot, uning brendi nomini yaratishda jamiyat a'zolarining dunyoni qay tarzda anglashi, milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti, voqyelikka baho munosabati kabilarni e'tiborga olish muhim o‘rin tutadi. Jamiyat a'zolari uchun yot bo‘lgan yoki ular tafakkurida salbiy assotsiatsiyalarni hosil qiluvchi nomlar samarali kommunikativ muloqotni hosil qila olmaydi.  Aslida nom mahsulot mohiyatiga ishora qiluvchi, unga urg‘u beruvchi bo‘lishi lozim. Ishlab chiqarish obyekti yoki mahsulotning daromad keltirishi ma'lum daraja muvaffaqiyatli tanlangan neymga ham bog‘liq. Bularning barchasi savdo mahsuloti, uning brendiga nom topish oson emasligini ko‘rsatadi. Ishlab ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlar, uning brendiga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xal­qimizning milliy an'analari va mentalitetiga yot bo‘lgan to‘qima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning o‘zbek adabiy tili me'yorlariga mos bo‘lishini ta'minlash maqsadida tadbirkorlik sub'ekti bilan shug‘ullanuvchi ommani neyming texnologiyasi asoslaridan xabardor qilish, ularga uslubiy ko‘rsatmalar berish, savdo brendlari nomlarining zaxirasini yaratish dolzarb muammolardan biridir. Ayni paytda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanib borayotganligini hisobga olsak, bir-birini takrorlamaydigan, yangi nomlarni topish ham oson emas, albatta. Kompaniya,  firma, brend hamda ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlarga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xal­qimizning milliy an'analari va mentalitetiga yot nomlar berilishining oldini olish, ularning O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonuniga mos bo‘lishini ta'minlash maqsadida neyming (nomlash) bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar, nomlar zaxirasini yaratish ishi yo‘lga qo‘yilishi lozim.

Mazkur muammoning yechimi amalda qo‘llanilayotgan ishlab chiqarish, savdo obyekti, mahsulot nomlarini tartibga solishga yordam beradi; yangi ishlab chiqarish mahsulotlariga nom berish jarayonida til me'yorlarining buzilishi kabilarning oldini olishga xizmat qiladi.

Ushbu maqsadni amalga oshirish maqsadida Toshkent davlat o‘zbek tili va va adabiyoti universitetida neyming laboratoriyasi tashkil qilindi. Ushbu laboratoriyaning maqsadi: 

  • savdo obyektlari, mahsulotlar, ularning brendi nomlari to‘plash, statistik va lingvistik jihatdan tahlil qilish va o‘zbek tilida neyming - nomlashning me'yoriy asoslarini yaratish;

- o‘zbek tilida ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlar, ularning brendi nomlarini tartibga solish, o‘zbek tilida neymingning milliy va umuminsoniy jihatlarini asoslash;

–xorij neyming texnologiyasi asosida o‘zbek  xalqining milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti hamda o‘zbek adabiy tili me'yorlariga asoslangan nom yaratishning elektron dasturiy ta'minotini yaratish;

– nom yaratish bilan bog‘liq tavsiyalar ishlab chiqish;

  •  uslubiy ko‘rsatmalar chop etish;

– muayyan hududdagi ishlab chiqarish, savdo obyektlari yoki mahsulot, uning brendi kabilarga qo‘yilgan nomlarni o‘rganish, lingvistik va statistik tahlil qilish, ular haqida tanqidiy va tahliliy ma'lumot tayyorlash va shu asosda “Hududiy nomlar ko‘rsatkichi”ni tayyorlash.

          Yurtimizda yangi turar-joylar, zamonaviy inshootlar, hamkorlikda ishlab chiqarish korxonalari barpo qilinmoqda.  Ularni milliy g‘ururimiz bo‘lgan ona tilimiz qonun-qoidalari va me'yorlariga mos holda to‘g‘ri nomlash va to‘g‘ri atashga har bir yurtdoshimiz, o‘zini mas'ul deb bilsa, nomlar ana shu obodlikka yanada yarashiqli bo‘ladi. Bu har bir o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yayotgan millatdoshimiz uchun hayotiy zarurat, ijtimoiy burchdir.