Tarjimayi hol

Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich 1961-yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan.

1978-yil o‘rta maktabni tugatib, Toshkent Davlat universiteti Sharq fakultetiga o‘qishga kirgan.

1978-1984 - yillar Toshkent Davlat universitetida tahsil olib, mazkur oliygohning Sharq fakulteti Sharq xalqlari adabiyoti kafedrasining katta laboranti sifatida faoliyatini boshlagan. 1984-1986 - yillar harbiy xizmatda bo‘lgan. 1987-1993 - yillar Samarqand Davlat universitetida o‘qituvchi, rektor yordamchisi, 1993-1998 - yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limining katta ilmiy xodimi, bosh ilmiy kotibi, 1998-2003 - yillarda “Imom al-Buxoriy” xalqaro jamg‘armasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari, 2003-2005 - yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Falsafa va jahon madaniyati kafedrasi professori, kafedra mudiri, 2005-2012 yillarda - O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ma'naviy-axloqiy tarbiya ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, 2012-2014 - yillar Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, 2014-2015 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, 2015-2016 - yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2016-yil 13-maydan yangi tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori.

1991-yilda “XIX asr Kattaqo‘rg‘on shoirlari ijodida Alisher Navoiy an'analari” mavzusida nomzodlik, 1998-yilda “Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga oid XV-XIX asrlarda yaratilgan fors manbalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

2013-yilda “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” fundamental tadqiqoti uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi adabiyot sohasida birinchi darajali Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Oilali. 2 nafar farzandi bor.