Xattotlik laboratoriyasi

Sharq tillari kafedrasi tarkibidagi Xattotlik laboratoriyasi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bugungi kunga kelib ilm-fan olamida ham o‘ziga xos yangilanishlar amalga oshirildi. Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi” markazi, Samarqandda “Hadis ilmi” va Qarshida “Imom Nasafiy” kabi ko‘plab islom va islom ilmlarini o‘rganuvchi markazlarning tashkil etilishi shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2017-yilning 24-mayida " Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarorning qabul qilinishi qadimiy qo‘lyozma manbalarni yuzaga chiqarishga bo‘lgan mislsiz harakatlarning tasdig‘idir.

Yetmish yil davomida yurtimizda adabiy manbalarni o‘rganish e’tibordan chetda qolgan edi. Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan ellik mingga yaqin adabiy qo‘lyozma manba nisbatan kam o‘rganilgan. Mazkur nodir merosni tadqiq, targ‘ib va tashviq etish bizning muqaddas burchimizdir.

Universitetning sharq tillari kafedrasi negizida xattotlik laboratoriyasining  tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yilning 24 mayida " Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarorning ijrosini ta’minlashga qaratilgandir. Mazkur laboratoriyani tashkil etishdan maqsad asriy an’analarimizning ajralmas qismi, o‘zbek tamaddunida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan “Xat san’ati”ni talabalarga o‘rgatish, mazkur san’at turining rivojiga munosib hissa qo‘shish, talabalarning matnshunoslik va manbashunoslik fanidan egallagan nazariy bilimlarini amaliyotga joriy etish, qolaversa ajdodlarimizning bizga qoldirgan boy ma’naviy merosi bo‘lmish qo‘lyozma asarlarni o‘qish malakasini shakllantirishdan iborat.

2017-yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev universitetning ochilish marosimida ishtirok etdi va Xattotlik laboratoriyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Mamlakatimiz rahbari u yerda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, mazkur laboratoriyada yurtimizda va xorijda mashhur xattotlarning mahorat darslarini tashkil etish, talabalarga shu yerning o‘zida qo‘lyozma manbalar bilan ishlash imkoniyatini, zarurat tug‘ilganda ba’zi qo‘lyozmalarni qayta ko‘chirish yuzasidan o‘zining taklif va mulohazalarini bildirdi.