Adabiy-estetik tafakkur tarixi

Chop etilgan sana:
15 Iyun 2017

      Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida taniqli adabiyotshunos olimlar – filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev va filologiya fanlari nomzodi, dotsent Mahkam Mahmudovlarning “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” nomli monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

      Mazkur monografiya “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” kitobining 2-jildi bo‘lib, unda O‘rta asrlar va Islom intibohi hamda G‘arb Uyg‘onish davrining adabiy-estetik tafakkur manbalari tadqiq etilgan. Kitobdagi manbalar milodiy IV asrdan XVI asrgacha davom etgan mumtoz davrni o‘z ichiga oladi.

 

   

      “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” kitobida jahon xalqlari adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyoti, Sharq va G‘arb tafakkurlararo mushtaraklik jihatlari va o‘ziga xosliklari haqida juda qimmatli ma'lumotlar berilgan.

      Taqdimot marosimida falsafa fanlari doktori, professor H..Qurbonmurodov, yozuvchi M.Safarov, filologiya fanlari doktori, professorlar N.Jabborov, B.Karimov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent U.Hamdamlar so‘zga chiqib, “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” kitobining nafaqat o‘zbek adabiyotshunoslari, faylasuflari, balki barcha gumanitar soha mutaxassislari uchun ham yangi va ishonchli manba bo‘lganligini ta'kidlab o‘tdilar.

      Marosimda Mahkam Mahmudov va Hamidulla Boltaboyev kitobning yaratilish tarixi, izlanishlar jarayoni, manbalarni aniqlashtirishdagi murakkabliklar haqida gapirib berdilar.

      Uchrashuvda universitet  huzuridagi pedagog  kadrlarni qayta tayyorlash  va ularning  malakasini oshirish  tarmoq markazi tinglovchilari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etib, mualliflarni adabiy tafakkurimizni boyitadigan juda katta hajmdagi manba bilan tabrikladilar.