BIZ BILMAGAN QORAQALPOQLAR…

 

      Mana necha asrlardan beri, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari mushtarak orzu, bir maqsad yo‘lida birdamlikda hayot kechirib kelmoqdalar. Universitetga kelgan ilk kunimdan boshlab, bizning boy urf-odatlarimiz, go‘zal madaniyatimizga tengdoshlarimning qiziqishlari yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldim. O‘qish davomida ham juda ko‘pchilikdan shu mazmundagi savollar olib kelaman. Men ushbu maqolamda ana shu talab va istaklarni inobatga olib, ayrim qiziqarli urf-odatlarimiz haqida ma’lumot berishga qaror qildim.

      Biz qoraqalpoqlarda azaldan bir-biri bilan salomlashish jarayonida ikki qo‘lni birlashtirib ko‘rishish odati bor. Bunda yoshi kichik odam katta yoshli insonni ko‘rsa (agar u inson yaqin masofada bo‘lsa), ikki qo‘li bilan salomlashadi. Agar yoshi kichik bo‘la turib, yonidagi inson bilan bir qo‘l ishtirokida shu harakatni amalga oshirsa, bu hurmatsizlik belgisi hisoblanadi. Bu odatning ahamiyatli tomoni shundaki, o‘zbeklarda ikki qo‘llab salomlashish aksariyat erkak kishilargagina xos. Qoraqalpoqlarda esa, bu – ham erkak, ham ayollar birdek amal qiladigan fazilatlar sirasidan.

      Ayollarimizning milliy bosh kiyimi “qoraqalpoq do‘ppi”si o‘zining nafis va bejirim popugi bilan xotin-qizlarimizga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi. Ayni do‘ppining kiyilgan holatdagi popuk qismi joylashish o‘rniga qarab qizlarimizning oilali yoki turmushga chiqmaganligini bilib olish mumkin. Aniqroq qilib aytganda, agar do‘ppilarning popugini chap tomonga qaratib kiyilsa, atrofidagilar qizlarning turmushga chiqmaganligini, aksincha o‘ng tomonga qaratilgan tarzda bo‘lsa, oilali ekanligini anglab oladilar.

      Shuningdek, bizlarda noan’anaviy “Sarqit yemoq” odati ham mavjud. Bu odat asosan mehmondorchilik jarayonida amalga oshiriladi. Misol uchun, mehmonlar taomni yeb bo‘lgach ulardan katta yoshlisi o‘sha uyning kelini yoki oila bekasiga taom tortilgan idishni minnatdorchilik ila uzatadi. Idishdagi hurmatli mehmondan ortib qolgan taomdan o‘sha uydagi har bir yosh bolalar, yoshi kichik odamlar oz miqdorda og‘ziga solib, “shu insonning yoshini bersin, shu insonday biz ham kelajakda obro‘li insonlar bo‘laylik” – degan niyatda tanavvul qilishadi.

      Qolaversa, qoraqalpoqlar farzandlarining baxtli kelajaklariga ishonch tuyg‘usini anglatuvchi “tisaw kesiw” marosimi chaqaloqlar endi yura boshlagan paytida o‘tkazilish odat tusiga kirgan. Bunda chaqaloqning oyoqlarini birlashtirib, 25 – 30  sm uzunlikdagi ip bog‘lanadi. O‘sha xonadonning katta yoshli a’zosi tanlovi bilan insofli, diyonatli, bilimli va saxiy inson tomonidan bu ip kesiladi. Bu ipning aynan ijobiy sifatlarga ega inson tomonidan kesilishi zamirida chaqaloqning kelajakda shu insonday yaxshi xulqli bo‘lib ulg‘ayishiga ishonch tuyg‘usi yotadi.

      Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, barcha xalqlar urf-odatlarida ezgulik hamda insonparvarlik istaklari mujassamlashgan. Zero, urf-odat va an’analar – millat ko‘zgusi demakdir!

Shahnaza BAZARBAYEVA,

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU O’zbek

filologiyasi fakulteti 1-kurs talabasi