Dilafruz MAHKAMOVA

 

Ona Vatan

Tog‘larini bezab turar ajib viqor,

Qishida ham o‘zgacha bir tarovat bor.

Har ko‘cha-yu mahallasi go‘zal gulzor,

Betakrordir, yagonadir bu hur vatan.

 

Xalqi – ulug‘, qalbida yo‘q zarra g‘ubor,

Farzandlarin maqsadiga dunyolar tor.

Ajdodlarning o‘gitidan dil baxtiyor,

Dilorom-u dilbar, dilband ona vatan.

 

Lol qolsin, shon-shavkatiga olam-jahon,

Yashayversin bag‘rida tinch har bir inson.

Alloh qilsin kelajagin nur-nurafshon,

Jonga Masih, ko‘zga ziyo, durdir vatan.

 

Ro’yoga ishonma

Nega kekkayasan ey mag‘rur inson,

Kelganing uchunmi, yolg‘on dunyoga.

O‘zingni baland-u, o‘zgani past deb,

Ishonib qolganing rostdir ro‘yoga.

 

Ayt nima sababdan darding mol-davlat,

Otang oldidagi qarzingni qaytar.

Qadrda qolmadi seni deb savlat,

Ta’rifingdan  kuyib yonmoqda baytlar.

 

Gapir nima uchun o‘zliging bugun,

Bo‘lib qoldi hatto o‘zingga o‘zga.

Qaylarda yuribsan yurtsiz tun-u kun,

Arzimay qolgansan arzirli so‘zga.

 

Qo‘lingdagi qurol kimga atalgan,

Dunyodoshinggami, beayb, beozor.

Qayerdan ko‘ksingga nafrat qadalgan,

Onag har kun yig‘lab yo‘llaringga zor.

 

Farqi ham qolmagan senga jahonning,

Oyi oqmi yoki tuni qorasi.

Yuragi muzlasa agar insonning,

Quyosh ham bo‘lolmas uning chorasi.

 

O‘ylab ko‘r, qay biri afzaldir senga,

Musaffo tinchlikmi, yoki qabohat.

Tarbiyang emas-ku, aхir o‘ch qonga,

Ruhingda qolgandir sabr-matonat…

 

 

 

Dilafruz MAHKAMOVA,

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU O’zbek

filologiyasi fakulteti 1-kurs talabasi