Ekles xonim bilan mahorat darslari

Chop etilgan sana:
01 Iyun 2017

      Xorijlik malakali mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ular bilan tajriba almashish bugunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Ayniqsa, xorijiy tillarni o‘rganayotgan talabalar uchun o‘sha til vakillari bilan muloqat qilish yaxshi samara berishi shubhasiz.

      Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek-ingliz tarjima fakulteti Ingliz filologiyasi kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan xorijlik mutaxassis Azusa universiteti professori Nensi Ekles xonimning mahorat darslari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

      Bo‘lg‘usi tarjimon talabalar nazariy bilimlarning o‘zi bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlarda ham faol bo‘lishlari zarur. Chet tilini fonetik va grammatik jihatdan mukammal bilish jarayoni esa bevosita o‘sha til egasi bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishni talab etadi. Talabalar ingliz tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan ingliz tiliga sinxron tarjima qilish malakasiga ega bo‘lishlari uchun mahorat darslarini muntazam o‘tkazib borish zarur.

      Nensi Eklesning mahorat darslarida talabalar ingliz tilining imkoniyatlari haqida ko‘plab savollarga javob topishdi. Jumladan, ingliz tilida yozish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun talabalar ko‘proq nimalarga e'tibor berish kerakligi, yozish mahoratini rivojlantirishga yordam beruvchi omillar, shu bilan birga, bir tildan boshqa tilga tarjima jarayonida yozish ko‘nikmalarining ahamiyati va yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish usullarini bilib oldilar. Olingan ma'lumotlar amaliy tajribalar orqali mustahkamlandi.

      Har tamonlama yetuk tarjimon tayyorlash uchun bu kabi mahorat darslarining doimiy ravishda tashkil etilishi, talabalarning tinglab tushunish va amalda qo‘llash ko‘nikmalarini oshiradi.