Hulkar Murtazoyeva

 

O‘xshatmangiz oymomoga

Oymomoning yuzlarida dog‘lari bor

Bu go‘shaning ko‘z quvonar bog‘lari bor.

Ko‘k osmonni salla qilgan

Tog‘lari bor.

Biz qizlarni o‘xshatmangiz oymomoga

Oymomoning yuzlarida dog‘lari bor!

 

Tug‘ilish

Paydo bo‘lar avvalo

Ajoyib sheъr daragi

Yashar shoir jismida

Duk-duk urgan yuragi.

 

Ulg‘ayib sekin-asta

Qoplab olar hayolni

So‘ng qiynar go‘yo tolg‘oq

Qiynaganday ayolni.

 

Shoir she’rni dunyoga

Keltiradi doyasiz

Keyin erkin hayotga

Qo‘yvorar himoyasiz.

 

Shu tariqa har bir sheъr

Joy olar oq yo‘rgakdan

Joy olar boqqan har ko‘z

Hamda ko‘plab yurakdan!