Mutaxassisliklar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti davlat universiteti fakultetlari:

    Oʻzbek filologiyasi fakulteti. 2016 yil 13 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida tashkil etilgan boʻlib, 5120100 - Filologiya va tillarni oʻqitish (oʻzbek tili) ta’lim yoʻnalishida mutaxassis tayyorlaydi. Ushbu mutaxassislar oʻzbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning oʻzbek va jahon tilshunosligi rivojiga qoʻshgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, oʻzbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bogʻliq ilmiy muammolarni tadqiq etish, oʻzbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini toʻla aks ettiradigan mukammal akademik va oʻquv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yoʻnalishlar boʻyicha lugʻat va qomuslar, risola va darsliklar yaratish borasida izlanishlar olib boradi. 

 

    Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti. 2016 yil 13 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida tashkil etilgan boʻlib, 5111200 - Oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishida mutaxassis tayyorlaydi. Ushbu mutaxassislar oʻzbek tili va adabiyotini, uning oʻziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur oʻzlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash, talaba yoshlarni, oʻzbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega boʻlgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy etuk insonlar etib tarbiyalash, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fanini oʻqitishning yangi va samarali metodlari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha kadrlar tayyorlaydi.

 

    Oʻzbek-ingliz tarjima fakulteti. 2016 yil 13 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida tashkil etilgan boʻlib, 5120200 - Tarjima nazariyasi va amaliyoti ta’lim yoʻnalishida mutaxassis tayyorlaydi. Ushbu mutaxassislar ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni oʻzbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash, ona tilimizning Internet jahon axborot tarmogʻida munosib oʻrin egallashini ta’minlash, uning kompyuter uslubini, oʻzbek tili va dunyodagi etakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lugʻatlar, elektron darsliklar yaratish bilan bogʻliq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish borasida izlanishlar olib boradi.