REKTOR MUROJAATI

http://navoiy-uni.uz/sites/default/files/rektor_s.sh.sirojiddinov_rm.jpg

Rektorga murojaat:

http://my.navoiy-uni.uz

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

     Ma’lumki, o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati, tili va adabiyoti bo‘yicha o‘tgan yuz yillikda ko‘plab biryoqlama nohaq yondoshuvlar va soxta ilmiy  xulosalar yasaldi.  2014 yil may oyida Samarqandda o‘tkazilgan buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga  bag‘ishlangan xalqaro konferensiyadan keyin butun dunyo o‘zbek mutafakkirlarini yangidan tanidi va xalqimiz madaniyatiga munosabat tubdan o‘zgardi. O‘zbek tili va uning tarixiy ildizlari, adabiyoti masalalarini  o‘rganishni yangi bosqichga ko‘tarish, xalqimizning ma’naviyati,  tarixi va madaniyati, falsafasining betakror ekanligini butun dunyoga targ‘ib etish, shu davrgacha davom etib kelayotgan ayrim bir tomonlama qarashlarga chuqur ilmiy tadqiqotlar bilan xolis baho berish, buyuk millatimizning dunyo miqyosida munosib o‘rnini ta’minlash yo‘lida  yana bir tarixiy ish amalga oshirildi. O‘zbekistonda tuzilishi, maqsad va vazifalariga ko‘ra butun dunyoda yagona va unikal bo‘lgan yangi tipdagi  milliy universitet tashkil etildi.  Tashkil etilganiga endigina  3 oy bo‘lishiga qaramay, universitet yangi o‘quv yiliga to‘liq tayyorgarlik  bilan kirib keldi. Universitet o‘z oldiga katta rejalarni qo‘ydi.

    O‘zbekiston  Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov  universitetimizga asos solar ekanlar, bu universitetda buyuk ishlarni amalga oshiramiz degan edilar. Universitet faqat til va adabiyot emas, balki  millat tarixi, uning ma’naviyati va ilmiy-badiiy, yozma  madaniyati bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni   yechishda, o‘zbek xalqining xalqaro nufuzini yanada oshirishda asosiy ijrochi bo‘lishini istar edilar. “Til-millat ruhi”, “til va millat-egiz tushunchalar”, “adabiyot orqali ma’naviyat kirib keladi” deb  qayta-qayta takrorlar va til  va adabiyot  targ‘ibi orqali  o‘zbek xalqining jahon sivilizatsiyasining bugungi bosqichidagi yuksak darajasini namoyish etish zarurligini ta’kidlar edilar. O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk yo‘lboshchi Islom Karimov universitetni tashkil etish haqidagi tarixiy Farmonda bir qancha  vazifalarni belgilab berdilar. Shulardan biri o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirishdir. Mamlakatimiz miqyosida oladigan bo‘lsak, davlat va jamiyat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tilining o‘z haqiqiy o‘rnini egallashini ta’minlashga erishishimiz zarur. Bank-moliya, harbiy bo‘ladimi, iqtisodiyotimizning barcha sektorlarida o‘zbek tilida ish yuritish uchun zarur qo‘llanma va lug‘atlarni tayyorlashimiz kerak. Ushbu yo‘nalishda mutaxassis tayyorlash uchun o‘zbek filologiyasi fakulteti  tashkil etildi. Xalqaro miqyosda qaraydigan bo‘lsak, o‘zbek tilini xalqaro munosabatlarda rasmiy tarjima tillari safiga kiritish uchun barcha asoslarni yaratishimiz, har tomonlama mukammal mutaxassis tarjimonlarni tayyorlashimiz zarur. Ilmiy, badiiy adabiyotlarni ingliz tiliga tarjima qilish  orqali ma'naviyatimizni dunyoga targ‘ib etadigan chuqur kompetensiyaga ega filologi tarjimonlarni tayyorlashimiz kerak. Universitetda ana shu vazifalarni bajarish bo‘yicha o‘zbek-ingliz tarjima fakulteti tashkil etildi.

    Universitet oldida turgan vazifalardan yana biri o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borish va bu sohada samarali faoliyat ko‘rsatadigan yetuk ilmiy xodimlarni tayyorlashdir. Universitet tarkibida tashkil etilgan O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti fan va ta'lim integratsiyasining yorqin misoli bo‘lib, bu yerda talabalar va olimlarning bevosita hamkorligida ilmiy tadqiqotlar, malakaviy amaliyot olib boriladi, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari bajariladi. Mazkur vazifani bajarish xalqaro miqyosda ko‘plab ilmiy tadqiqotchilarni jalb etishni taqozo etadi. Shuning uchun universitetda  o‘zbek xalqi tili adabiyoti, tarixi va falsafasi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan  xorijlik tadqiqotchilar, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari ustida ish olib borayotganlar uchun maxsus Xalqaro tadqiqotlar markazi ochilishi kutilmoqda.  

   Yana bir muhim vazifa uzluksiz ta’lim tizimida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini tubdan o‘zgartirish, shu sohada faoliyat ko‘rsatuvchi yuqori malakaga ega pedagog kadrlarni tayyorlashdan iborat.  Bu yo‘nalishda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Xalq ta'limi  vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim  vazirligi o‘qitish metodikasi boshqarmalari bilan hamkorlikda yangi metodika ustida jiddiy ish olib borilmoqda.

    Universitet o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yuksak madaniyat va ma’naviyat egasi bo‘lgan, o‘z yurti, vatani va milliy ideallariga o‘ta sadoqatli bo‘lgan mutaxassislarni tarbiyalashni o‘z burchi deb hisoblaydi. Buyuk yo‘lboshchimiz Islom Karimov universitetga bejiz Alisher Navoiy nomini bermaganlar. Zotan, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy o‘zbek millati timsolidir. Universitet  tarkibidagi “O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi” yosh avlodda vatanparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, o‘z xalqi tili, adabiyoti,tarixidan faxrlanish tuyg‘ularini o‘stirishda ma’naviyat maskani  vazifasini o‘taydi. Shu ma’noda, universitet millat tarbiyasi, xalqimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish masalalarida strategik g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda asosiy ijrochilardan bo‘lishi nazarda tutiladi.

          Hurmatli portalga tashrif buyuruvchilar!

     O‘zbekistonni jahon tanimoqda. Bugungi kunda universitet jamoasining barcha intilishlari, harakatlari universitet reytingini jahonning ilg‘or universitetlari  darajasiga olib chiqish, uning vazifalarini xalqaro miqyosda muvaffaqiyat bilan amalga oshirishga qaratilgan. Yaqin kelajakda  qo‘yilgan maqsadlarimizga erishishimiz uchun bizda barcha sharoit mavjud. Hukumatimiz yurtimizda ta’lim sohasini rivojlantirishga alohida g‘amxo‘rlik qiladi, universitet jamoasi esa, serg‘ayrat, bilimli va tajribali, eng asosiysi, kelajakka ishonch va jur’atga ega.

    Sizni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti portalida xush ko‘rdim va umid qilamanki, Siz bu yerda universitetimiz haqida atroflicha ma’lumotlar olasiz. Saytga ilk tashrifingiz siz bilan ish yuzasidan va ijodiy hamkorligimizning ibtidosi  deb hisoblashni taklif etaman!

 

 

Hurmat bilan Shuhrat Sirojiddinov,

filologiya fanlari doktori, professor,

Universitet rektori