ToshDO‘TAU 1 yoshda

      Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi PF-4797-son Farmoni bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgan.

      Bir yillik bayram shodiyonalari universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari va mehmonlar ishtirokida ko‘tarinki ruhda nishonlandi.

VAZIFALAR. NATIJALAR. REJALAR

Shuhrat Sirojiddinov,

Rektorfilologiya fanlari doktori, professor

 

      Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o‘zligining madaniy-ma'rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanadi.

      Hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘lik masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta'lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida universitet oldiga qator vazifalar qo‘yilgan. Jumladan,

      - o‘zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta'lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash;

  • ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash;
  • talaba yoshlarni, o‘zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma'naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash;
  • o‘zbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta'limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning o‘zbek va jahon tilshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, o‘zbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liq ilmiy muammolarni tadqiq etish;
  • o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv adabiyotlarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish; 
  • umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish; 
  • ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta'minlash, uning kompyuter uslubini, o‘zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug‘atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog‘liq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etishni o‘z oldiga qo‘ygan. 

      Bugungi kunda universitetda 3 ta - O‘zbek filologiyasi, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, O‘zbek-ingliz tarjima fakulteti va 15 ta kafedra faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, universitet  huzurida pedagog  kadrlarni qayta tayyorlash  va ularning  malakasini oshirish  tarmoq markazi ham tashkil etilgan.

      Universitet o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

     Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun universitetda jami 95 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Shundan 22 fan doktori, professor, 38 fan nomzodi, dotsent, 15 katta o‘qituvchi, 20 assistent o‘qituvchi talabalarga tahsil bermoqda. 

     Universitetda o‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligining yetakchi olimlari jamlangan. Filologiya fanlari doktori, professorlar Hamidulla Dadaboyev, Nasimxon Rahmonov, Shuhrat Sirojiddinov, Ibrohim Yo‘ldoshev, Abdulhay Sobirov, Baxtiyor Mengliyev, Nurboy Jabborov, Muhabbat Qurbonova, Aftondil Erkinov, Bahodir Karimov, Zulxumor Xolmonova, Nodira Mustafoyeva, Saodat Muhamedova, Baxtiyor Abdushukurov, filologiya fanlari nomzodi, dotsentlar Abdulla Ulug‘ov, Nozliya Normurodova, Gulnoza Odilova, Inomjon Azimov, Rashid Zohidov, Karomat Mullaxo‘jayeva, Uzoq Jo‘raqulov, Zaynobiddin Abdurashidov, Dilnavoz Yusupova, Zulxumor Mirzayeva kabi olimlar yangi universitetda filologiyaning dolzarb muammolarini tadqiq qilish ilmiy loyihalariga boshchilik qilmoqdalar.

     Universitet professor-o‘qituvchilari yoshlarga ta'lim-tarbiya berish bilan  bir qatorda "O‘zbek adabiyoti tarixi" ko‘p jildlik monografiyasini (7 jild), “O‘zbek davlatchiligi tarixida so‘g‘diy til va yozuvining tutgan o‘rni (mil.av. II milodiy XII asrlar)”, “Talabalar ma'naviyatini diagnostika qilish mexanizmlarini takomillashtirish”, “Sharq sayyor syujetlarining G‘arb adabiyotiga retsepsiyasi”, “O‘zbek tili va uning tarjimasi bilan bog‘liq elektron va bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlari”ni yaratish ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib bormoqda:

     Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari (36-65- jildlar), “O‘zbek adabiyoti durdonalari” 100 jildligini nashrga tayyorlash”, “Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari (vazifaviy uslublar tahlili asosida)”, “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” va “Folklorshunoslik atamalari lug‘ati” kabi qator ilmiy loyihalarda ishtirok etmoqdalar:

     Universitet olimlari boshqa tashkilotlar tomonidan turli ilmiy loyihalarga ham jalb etilgan. Jumladan, universitet professor-o‘qituvchilari Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining “Sharq Renessansi davri allomalari va mutafakkirlari asarlarining ilmiy-falsafiy va badiiy-lingvistik tadqiqi” fundamental loyihasida (Sh.Sirojiddinov, G.Odilova), UNESCO doirasida “Osiyoda o‘qituvchilar tayyorlashning gender baholash” (N.Egamberdiyeva), Erasmus + yevropa Ittifoqi granti doirasidagi “O‘quv dasturlarini yevropa kompetensiyalari asosida rivojlantirish mezonlari” (N.Normurodova), O‘zR FA Tarix instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston davlatchiligi tarixi tarixshunosligi: nazariyasi va shakllanishining tarixiy bosqichlari” (N.Mustafoyeva), “O‘zbek adabiyotining ingliz tiliga tarjimalari” (Z.Mirzayeva),  Aloqa vazirligi tomonidan e'lon qilingan “O‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish” (N.Jalilov) loyihasida qatnashmoqdalar.

     Universitetda 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra:

  • O‘zbek tili, adabiyoti va folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta'limotlari, buyuk ajdodlarimiz badiiy tafakkurining bebaho yodgorliklarini chuqur tadqiq etish asnosida talaba yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, mustaqil  fikrlaydigan va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan ma'naviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashga asos bo‘ladigan fundamental ilmiy tadqiqotlar yaratiladi.
  • O‘zbek tili tarixi, mamlakatimiz hududida miloddan avval va milodning dastlabki asrlarida  yashagan baqtriylar, so‘g‘diylar, xorazmiylar va boshqa elat va millatlar tilining o‘zbek tili taraqqiyotida tutgan o‘rni, qadimgi turkiy tilga mansub yozma yodgorliklar tili, qiyosiy tilshunoslik, o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari tadqiq etiladi.
  • O‘zbek tilining XX asrdagi rivojlanish xususiyatlari, qardosh va qardosh bo‘lmagan tillarning o‘zaro munosabatlari, tilshunoslik tarixi, turli lingvistik maktablarning ilmiy-nazariy qarashlari, o‘zbek tili fonologiyasi, leksikologiya, grammatika, onomastika, sotsiolingvistika, lingvopoetika, etnolingvistika, psixolingvistika, kognitiv tilshunoslik, pragmatik tilshunoslik va lingvomadaniyatshunoslik kabi tilshunoslik sohalari rivojlantiriladi.
  • Eng qadimgi adabiy yodgorliklardan tortib hozirgi adabiy jarayongacha bo‘lgan davrdagi manbalarni yaxlit badiiy tizim sifatida o‘rganish asosida o‘zbek xalqi poetik tafakkurining shakllanish tarixi, tadrijiy rivoji va taraqqiyot qonuniyatlari ochib beriladi.
  • O‘zbek mumtoz adabiyotining ilgari ilmiy muomalaga kiritilmagan yangi manbalarini tadqiq va targ‘ib etish, o‘rta asrlarda mamlakatimizda yuz bergan ma'naviy-madaniy yuksalish jarayonining badiiy adabiyotga ta'siri, mumtoz adiblar  ijodiyotining o‘zbek tili va adabiyoti tarixida tutgan o‘rni, Alisher Navoiy adabiy merosining umumbashariy  ahamiyati, boshqa mumtoz adib va shoirlarimizning so‘z qo‘llash mahorati, mumtoz adabiyot badiiyati masalalari o‘rganiladi.
  • O‘zbek tili va adabiyotini ta'limning barcha bosqichlarida o‘qitishning eng samarali metodlari ishlab chiqiladi, xorij tajribalarini hisobga olgan holda zamonaviy va milliy filologik ta'limning ilg‘or metodikalari yaratiladi.
  • O‘zbekiston ilm-fani, madaniyati yutuqlari bilan dunyo xalqlarini muntazam tanishtirib borish uchun ilmiy-texnik adabiyot tarjimonlarini, turli xalqaro yig‘inlarda o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan xorij tillariga sinxron tarjimonlar tayyorlanadi.
  • Ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta'minlash, til haqidagi bilimlarni elektron tizimlashtirish va lingvistik tahlil algoritmlarini tuzish, linvistik tadqiqotlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish, o‘zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug‘atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog‘liq ilmiy-metodik ishlanmalar yaratiladi.

      Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini ta'minlash maqsadida 2017-2021-yillarda universitet nihoyasiga yetkazilgan ilmiy tadqiqotlarning natijalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish orqali magistrlik dasturlari va  oliy malakali kadrlarni tayyorlash dasturlari takomillashtiriladi va joriylanishi asosida yangi ilmiy maktablar shakllantirilishiga alohida e'tibor qaratadi.

      Universitet xalqimiz ma'rifiy salohiyatini oshirish, yosh avlodda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlarini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Unga binoan, universitetning professor-o‘qituvchilari teletomoshabinlarga “Navoiyni bilamizmi?”, “Adabiyot darslari”, “Hikmatlar tilga kirganda”, “Savodxonlik maktabi”, “So‘zlar so‘zlar tarixdan”, “Jahon adabiyoti”, “Yosh tarjimon ijodxonasi”, “Funny English”, “Alisher Navoiyning jahon tamadduniga ta'siri”, “Navoiy saboqlari”, “Bir bayt sharhi”, “Xamsaxonlik”, “Tilga e'tibor – elga e'tibor”, “Adabiy jarayonni o‘rganamiz”, “Xalq dostonlari”  kabi televizion dasturlarini olib bormoqdalar.

      Shuningdek, O‘zMTRK bilan hamkorlikda “Navoiydan zavq olgan dunyo” mavzuida 30 minutlik hujjatli film yaratilib, teletomoshabinlarga taqdim etildi.

      Universitet jamoasi belgilangan istiqbol rejadagi vazifalarni bajarish, yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari yaratish borasida ham samarali izlanishlar olib bormoqdalar. Chunonchi, “Jahon adabiyoti” fanidan darslik, “Mutaxassislikka kirish (Tilshunoslikka kirish)”, “O‘zbek tili va adabiyoti ta'limida zamonaviy axborot texnologiyalari”, “Tilshunoslik nazariyasi (Tilshunoslikka kirish)”, “Hozirgi o‘zbek tili”, “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “Adabiyotshunoslik nazariyasi”, “O‘zbek dialektologiyasi”, “Integrallashgan ingliz tili” “Ingliz tilida yozish ko‘nikmalari”, Umumiy psixologiya, Mutaxassislikka kirish fanlaridan o‘quv qo‘llanmalar, Matematik mantiq fanidan masalalar to‘plami, Arab tilidan mashqlar to‘plami tayyorlanib, nashrga topshirildi.

      Universitet professor-o‘qituvchilari o‘quv jarayoni bilan bir qatorda ilmiy salohiyatini oshirish borasida ham tinimsiz ish olib bormoqdalar. 2016-2017-yilda universitetda Mustafоyeva Nodira “Mustamlaka va sovet davri tarixshunosligida O‘zbekistonning XX asr  madaniyati”, Odilov Yorqinjon “O‘zbek tilida enantasemiya”, Hasanova Shafoat "To‘tinoma" tipidagi qo‘lyozmalarning tekstologik qiyosiy tadqiqi”, Abdushukurov Baxtiyor “Qissasi Rabg‘uziy” leksikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildilar.

      Ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, amalga oshirilayotgan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar bilan professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarni muntazam tanishtirib borish uchun universitetda doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi muammoviy ilmiy-metodologik seminar tashkil etilgan. Unda o‘zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi, folklorshunoslik, xorijiy tillarni o‘rganish muammolariga bag‘ishlangan turkum uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

      Universitetda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tizimli asosda olib borish uchun  “Ma'naviyat va ma'rifat kengashi” tuzilgan. “Ma'naviyat va ma'rifat kengashi” talabalar ongiga milliy istiqlol g‘oyasini singdirish, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan demokratik tamoyillar asosida tarbiyalash, jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, dunyoqarashi teran va mustaqil fikrlovchi fuqarolar sifatida kamol toptirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirib turadi.

      Talabalarni yuksak ma'naviyatli  qilib tarbiyalash, Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlardan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish  tizimli ravishda murabbiylarning faoliyatini muvofiqlashtirib borishni taqozo qiladi. Shu maqsadda tuzilgan “Murabbiylar kengashi” fakultetlarda va guruhlarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirib, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini singdirish, ijtimoiy faol shaxsni tarbiyalash bo‘yicha faoliyatini tashkil etish va nazoratini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. 

      “Kitobxonlik kuni”, “Ma'naviyat soati”, “Axborot soati”, “Ma'naviyat kunlari” va turli haftaliklar doirasida talabalarning dunyoqarashi va tafakkurini kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi, muzeylar, teatrlar, tarixiy obidalar, mustaqillik yillarida bunyod etilgan inshootlarga tashriflari muntazam uyushtirib boriladi.

      Uzoq viloyatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar turarjoy bilan ta'minlangan.

      “Xotin-qizlar qo‘mitasi” tomonidan talaba qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, ayollarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur rejaga binoan universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar, talabalar o‘rtasida “Sport - nafislik, salomatlik manbai” shiori ostida sport-sog‘lomlashtirish musobaqalari, tibbiyot mutaxassislari ishtirokidagi davra suhbatlari muntazam o‘tkazilib turiladi. Jumladan, universitet talabalari istiqomat qiladigan turarjoyda o‘tkazilgan “Ozodalik-salomatlik garovi” rukni ostidagi davra suhbatlari o‘tkazilib, talaba-yoshlar orasida sog‘lom muhitni shakllantirish, sog‘lom turmush tarziga rioya etish, to‘g‘ri ovqatlanish, bo‘lg‘usi onalarimiz bo‘lgan qizlarning o‘z salomatligiga beparvo bo‘lmasligi, ular kelgusida ona bo‘lish, sog‘lom farzand tarbiyalash mas'uliyatini unutmasligi kerakligi alohida uqtirib boriladi.

      Universitetda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriylar holidan xabardor bo‘lish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni moddiy rag‘batlantirish kasaba uyushma qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan. Universitetda o‘tkaziladigan bayram tadbirlariga faxriylarni taklif etish, ularni auditoriyalarga jalb qilib, ular tajribasidan saboq olish an'anaga aylantirilgan.

      Universitet “Kamolot” YoIH o‘z atrofiga butun yoshlarni jalb qilgan. Universitetda “Kamolot radiosi” faoliyat ko‘rsatib, unda dunyo va universitet yangiliklari, yoshlar muammolari bilan bog‘liq eshittirishlar berib boriladi. Universitetda o‘tkazilayotgan barcha tadbirlarda “Kamolot” YoIHning tashkilotchi yigit-qizlari bosh-qosh bo‘layotgani, universitet o‘zining zaxira kadrlarini tayyorlab borayotganligidan bir nishonadir.

      Universitet o‘zining internet Veb-saytiga ega bo‘lib, universitet hayotiga oid yangiliklar, ijod namunalari, ilm-fandagi eng oxirgi yangiliklar berib boriladi.

      Universitet mamlakatdagi fan sohalari ichida o‘zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligiga tayanch va yetakchi oliy ta'lim muassasasi bo‘lgani uchun ham uning davriy nashrlariga talab katta.

      Universitetda nashriyot-matbaa uyi faoliyat ko‘rsatmoqda.

      Nashriyotda o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy, badiiy asarlar, umumta'lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv qo‘llanma va darsliklar, universitetning gazeta va jurnallari chop etiladi,

       Universitetda bir necha davriy nashrlar mavjud.

      ”Adabiyotshunoslik olami” jurnali tilshunoslik va adabiyotshunoslik, folklorshunoslikning muhim ilmiy-nazariy masalalari va dolzarb muammolariga bag‘ishlanadi, bu fanlardagi eng so‘nggi izlanishlar, yangi tadqiqotlar bilan ilmiy jamoatchilikni tanishtirib boradi. Jurnal yilda 4 marta chop etiladi.

      “Milliy meros” jurnali  umumturkiy, o‘zbek, Sharq adabiyoti va madaniyati namunalari,  manbashunoslik, matnshunoslik va matnchilik adabiyotshunoslik hamda tarjimashunoslik tadqiqotlari, milliy tarix,  arxeologiya, etnografiya, antropologiya, numizmatika, madaniyatshunoslik bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari  o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr etiladi. Jurnal yilda 4 marta chop etiladi.

      “Akademik tadqiq: lingvistika” jurnali tilshunoslik muammolariga oid tadqiqotlar, tilshunoslikning ilmiy-nazariy masalalari, bu fandagi eng so‘nggi izlanishlarni ilm ahliga tanishtirib boradi. Jurnal yilda 4 marta chop etiladi.

      Universitetda “Millat ko‘zgusi” gazetasi ham mavjud. Gazeta oyda bir marotaba chop etilib, unda davlat siyosatining ta'lim, ilm-fan sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari, universitet hayoti, ilmiy, ijodiy, ma'naviy-ma'rifiy va boshqa sohalardagi faoliyati, professor-o‘qituvchi, doktorant, magistrant va talabalarning ilmiy-pedagogik yutuqlari, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalarining uzviy bog‘liqligi yoritilgan maqolalar chop etib boriladi.

      Universitetda “O‘zbekiston: til va madaniyat” nomli yillik ilmiy to‘plam ham chop etiladi. Unda o‘zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi, folklorshunosligiga doir fundamental tadqiqotlar, fan oldidagi muammolar yechimiga doir ilmiy maqolalar chop etib boriladi. To‘plam seriyali bo‘lib, o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi, xalqimizning diniy - ma'naviy hayoti bilan bog‘liq muhim tadqiqotlarga bag‘ishlanadi.

      Universitet o‘zining missiyasi doirasida bir qancha tashabbuslarga boshchilik qiladi. Jumladan, alifbo, imlo, kitobxonlik madaniyati, adabiy tanqid, chet tillarini o‘rganish, o‘qitishning zamonaviy metodologiyasini ishlab chiqish, zamon talablariga mos darsliklar yaratish xususida televidenie, radio, vaqtli matbuot orqali aniq takliflar bildirildi. Shuningdek, “Umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning yangi va samarali metodlari”, “Bugungi yoshlar adabiy tanqidchiligi”, “Mumtoz adabiyot va kitobxonlik madaniyati”, “Xorijiy tillarni o‘qitishda ona tilining ahamiyati: muammolar, yechimlar va istiqbolli rejalar” mavzuida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda tilshunosligimiz, adabiyotshunosligimizning dolzarb vazifalari va ularni hal etish takliflari o‘rtaga tashlandi. “Hozirgi adabiy jarayonni baholash laboratoriyasi”, “Lingvistik ekspertiza, tahrir va tarjima markazi” tashkil etilib, yechimini kutayotgan muammolar amaliy hal etilmoqda.

      “Yosh olimlar” jamiyati O‘zbek tili va adabiyoti universiteti kabi tayanch OTM bo‘linmasi sifatida respublika OTMlaridagi barcha filolog talabalarning ilmiy jamiyatlari ishlarini muvofiqlashtiradi. Xalqaro ilmiy dasturlar, konferensiya va seminarlar haqida jamiyat Veb-saytida muntazam axborot berib boriladi. Ular yilda 2 marta – noyabr oyida respublika bo‘yicha va aprel-may oylarida universitet miqyosida o‘zlarining kengaytirilgan yig‘ilishi va konferensiyalarini o‘tkazadilar. Konferensiya materiallari, talabalarning tilshunoslik, adabiyotshunoslik, hozirgi adabiy jarayon haqidagi ilmiy qarashlari, badiiy asarning talqini, tahririga oid maqolalari “Yosh filolog” ilmiy to‘plamida chop etiladi. Bu, talabalarni ilm olamiga olib kirishda universitetda yaratilgan tizimli ishlarning ilk bosqichi sifatida muhimdir. Talaba 1-kursdan ilmiy rahbarga biriktirilib, muayyan mavzu ustida izlanishi, muntazam “Yosh filolog” to‘plamida o‘z natijalarini e'lon qilib borishi nazarda tutilgan.

      Talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Yosh olimlar” jamiyatida turli to‘garaklar ish olib boradi. Jumladan, 10 ta - dasturchilar, kompyuter grafikasi va multimediya, lug‘atchilar, matnshunoslar (xattotlik maktabi), sinxron tarjima (speaking club), badiiy tarjima, “Gulshan” (aruz maktabi), jurnalistlar (til posbonlari), kompyuter savodxonligi, shevashunoslar kabi talabalarning istagiga qarab tashkil etilgan to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi.

      Talabalar bilimini xolis baholash, darslarga bo‘lgan mas'uliyatini oshirish maqsadida universitet o‘quv jarayoni to‘liq elektron ta'lim tizimiga o‘tkazilgan. Professor-o‘qituvchilarning dars mavzulari, talabalarning davomati, joriy, oraliq, yakuniy baholari elektron ta'lim tizimida o‘z aksini topib boradi.

      Universitetining 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasiga binoan talaba, magistrant, doktorant va yosh ilmiy tadqiqotchilarni chet el oliy ta'lim va ilmiy muassasalarida malaka oshirishga yo‘llash rejalari belgilab olingan.

     Ilmiy kengashning qarori asosida 59 nafar o‘qituvchi, tadqiqotchi, amaliyotchi va talabalar dunyoning eng rivojlangan davlatlari – Shveytsariya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Fransiyadagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirish, ilmiy amaliyot ishlarini olib borish va magistratura, doktorantura o‘tash uchun tanlab olingan. Kelajakda chet el oliy ta'lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda o‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan fundamental tadqiqotlarni olib borish, kadrlar malakasini oshirish va  talabalar almashish ko‘zda tutilgan.

     Universitetda xorijlik talabalar uchun “Yozgi maktab” tashkil etilgan. Unda o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va madaniyati bilan shug‘ullanayotgan xorijlik talabalar taklif qilinadi. Ular nafaqat til o‘rganish, balki O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi dunyoga mashhur shaharlari, shuningdek, Mustaqil O‘zbekistonning bugungi ko‘rk-kamoli, bunyodkorlik ishlari, o‘zbek urf-odatlari, milliy taomlari, ularni tayyorlash jarayonlari bilan tanishadilar. Vatanimiz poytaxti Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan zamonaviy qurilish-arxitektura inshoatlarini ko‘radilar. Ularning har biriga universitet talabalari biriktirilishi, ikki tomon talabalarining o‘zaro muloqotda bo‘lib, til o‘rganishlariga sharoitlar yaratiladi.

      Universitet dargohi xorijlik talabalar, ilmiy tadqiqotchilar va o‘zbek xalqi tarixi, falsafasi va madaniyati bilan qiziquvchi barcha xorijiy fuqarolar uchun ochiq. Ularga o‘zbek tilini o‘rgatish uchun maxsus “Til markazi” faoliyat ko‘rsatmoqda.

      Bugungi kunda universitetda Xitoy Xalq Respublikasidan 1 nafar ilmiy tadqiqotchi, 1 nafar bakalavr bosqich talaba, 5 nafar tinglovchi, Koreya Respublikasidan 6 nafar tinglovchi va 1 nafar magistr talaba tahsil olmoqda.

     Universitetda til va adabiyot ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlari, rahbarlik salohiyati va katta boshqaruvchilik tajribasiga ega, nufuzli komissiya attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslar rahbarlik qiladi. Jumladan, universitet rektori, filologiya fanlari doktori, professor Sh.S.Sirojiddinov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, filologiya fanlari doktori, professor I.J.Yo‘ldoshev, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, filologiya fanlari doktori, professor A.Sh.Sobirov, moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor A.M.Boboxo‘jayev, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori B.B.Abdushukurov, o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent I.M.Azimov, o‘zbek-ingliz tarjima fakulteti dekani O.S.Sunnatovlar universitetning ilm-fan taraqqiyotidagi nufuzi, respublikamiz ma'naviy hayotidagi o‘rni, har tomonlama barkamol mutaxassis kadrlar tayyorlab yetishtirishda sidqidildan mehnat qilmoqdalar.