ToshDO‘TAUda bitiruvchilarning yakuniy taqsimoti o‘tkazildi

Chop etilgan sana:
31 May 2017

      Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini 256 nafar talaba tamomlab, o‘zbek tili va adabiyoti fani ravnaqi, yosh avlodga tilimizning jozibasi, adabiyotimizning sehrli olamidan saboq berishga otlanadilar.

      Universitetda 2017 yilning 31 may kuni “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom va bitiruvchilarni ishga taqsimlash, joylashtirish va ularning bandlik monitoringini o‘tkazish bo‘yicha Reja jadvaliga muvofiq Taqsimot komissiyasining yakuniy majlisi bo‘lib o‘tdi.

      Tadbirda so‘zga chiqqan universitet rektori professor Sh.Sirojiddinov taqsimot bo‘yicha ishga borayotgan bitiruvchilarga o‘zbek tili va adabiyoti fani uchun Respublikada tayanch hisoblangan dargohning nomiga dog‘ tushurmaslik, har qanday sharoitda qonun doirasida, adolat bilan ish tutish, yosh avlodni tilimizga hurmat-ehtirom, adabiyotimiz go‘zalligiga oshno qilib tarbiyalash sohamizning, kasbimizning eng birinchi mohiyati ekanligini uqtirib o‘tdi.

      Yakuniy taqsimot natijalariga ko‘ra universitetni tamomlayotgan bitiruvchilarning 92% ish joylariga yo‘llanma oldi. Bulardan xorijlik, bola parvarishi bilan shug‘ullanayotgan 8% talabalarni mustasno etganda, sohaga ehtiyoj katta ekanligi yaqqol sezilib turibdi.

      Bitiruvchilarga qaerda bo‘lishlaridan qat'iy nazar saboq olgan o‘quv dargohiga, bilim bergan ustozlariga sadoqatli bo‘lishlarini tilab qolamiz.