ToshDO‘TAUda ochiq eshiklar kuni

Chop etilgan sana:
31 May 2017

      Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” yuzlab yoshlar uchun unutilmas voqyeaga aylandi.

      Universitet maydoni, kirish yo‘laklari bayramona bezatilib, har bir fakultet kafedralari o‘zlarining ilmiy yutuqlari aks etgan ko‘rgazmalar, uslubiy-metodik qo‘llanmalar yarmarkasini tashkil etdilar.

      Bo‘lg‘usi abiturientlarga universitetning tarixi aks etgan videoroliklar, o‘quv jarayonlari, talabalar hayoti, turli tadbir lavhalari namoyish etib turildi.

      Bitiruvchilar universitetning barcha kafedralari faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

      Universitetning tajribali professor-o‘qituvchilari yoshlarga kasb tanlashda nimalarga e'tibor qaratish lozimligi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Millat universiteti” deya e'tirof etgan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Ma'naviyat universiteti” deb atagan dargohning oldida turgan muhim vazifalar, o‘zbek tili va adabiyoti nufuzini dunyoga tanitishga doir istiqbol rejalari haqida batafsil ma'lumot berib o‘tdilar.

      Tadbirda ishtirok etgan yoshlar nigohida millatning ruhini, ma'naviyatini aks ettiruvchi til va adabiyot sohasiga qiziqishlari yaqqol sezilib turdi.

         ToshDO‘TAU professor-o‘qituvchilari 2017-2018-o‘quv yilida o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan barcha yoshlarga omad yor bo‘lishini tilaydi.