Turkiya attashesi universitet mehmoni

Chop etilgan sana:
02 Iyun 2017

      Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, TIKA tashkiloti keng hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Universitetning bir qator yetakchi professor-o‘qituvchilari filologiyaning dolzabr muammolariga bag‘ishlab Turkiya davlatida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda ilmiy ma'ruzalari bilan ishtirok etib kelishmoqda.

      Universitetga Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ta'lim bo‘yicha attashesi lavozimida ish boshlagan Kurshat Onjul tashrif buyurdi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, ikki tomonlama fan, ta'lim, til va adabiyot sohalarini rivojlantirishga oid masalalar bo‘yicha kelishib oldilar.

      Universitet rektori prof. Sh.Sirojiddinov TIKA tashkilotining Toshkentda olib borayotgan faoliyati, turk va o‘zbek xalqi madaniy, iqtisodiy aloqalarining mustahkamlanishi uchun salmoqli hissa qo‘shayotganini ta'kidlab, universitet doirasida amalga oshirilishi muhim bo‘lgan ishlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Jumladan, “Xalqaro Navoiy jamiyati”, “Xalqaro turkologlar assotsiatsiyasi”ni tashkil etish, butun dunyodagi tilshunoslik, adabiyotshunoslik va ularning tarixi bilan shug‘ullanuvchi yirik turkiyshunos olimlarni birlashtirish, xalqaro simpoziumlarga mezbonlik qilish ishlarini yo‘lga qo‘yish dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta'kidladi.

      Shuningdek, rektor Turkiya Respublikasi oliy ta'lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda o‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan fundamental tadqiqotlarni olib borish, kadrlar malakasini oshirish va  talabalar almashish ko‘zda tutilganligini aytib o‘tdi.

      Kurshat Onjul qabul uchun universitet rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, xalqlarimizning qadim ildizlari mushtarak ekanligi, buyuk Navoiy dahosi o‘zbeklar ma'naviy tafakkuri yuksalishiga qanchalik ta'sir qilgan bo‘lsa, Turk xalqi va uning badiiy ijodi takomilida ham munosib o‘rin tutishini gapirib o‘tdi. “O‘zbekistonni turklar o‘zlarining ota yurtlari deb hisoblashadi. Men Turkiyani qanchalik sevsam, O‘zbekistonni, o‘zbek xalqini shunchalik hurmat qilaman va sevaman. Birinchi xizmat tashrifimni umumbobomiz Alisher Navoiy nomidagi universitetdan boshlashimning o‘ziga xos ramziy ifodasi bor”, - dedi mehmon.

      Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tib, aloqalarni rivojlantirish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.