Universitet haqida

UNIVERSITET HAQIDA

     Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi Farmoniga asosan tashkil etilgan.

Maqsad:

·        hozirgi tez oʻzgarayotgan globallashuv davrida oʻzbek tili va adabiyotining oʻziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bogʻliq masalalarni chuqur oʻrganish;

·        bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish;

·        ta’lim-tarbiya tizimining barcha boʻgʻinlarida oʻzbek tili va adabiyoti fanini oʻqitishning sifatini tubdan oshirish;

·        ushbu soha boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish.

 

Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: 

 

·    oʻzbek tili va adabiyotini, uning oʻziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur oʻzlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash; 

·    ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni oʻzbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash; 

·    talaba yoshlarni, oʻzbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega boʻlgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy etuk insonlar etib tarbiyalash; 

·    oʻzbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning oʻzbek va jahon tilshunosligi rivojiga qoʻshgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, oʻzbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bogʻliq ilmiy muammolarni tadqiq etish; 

·    oʻzbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini toʻla aks ettiradigan mukammal akademik va oʻquv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yoʻnalishlar boʻyicha lugʻat va qomuslar, risola va darsliklar yaratish; 

·    umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fanini oʻqitishning yangi va samarali metodlari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish; 

·    ona tilimizning Internet jahon axborot tarmogʻida munosib oʻrin egallashini ta’minlash, uning kompyuter uslubini, oʻzbek tili va dunyodagi etakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lugʻatlar, elektron darsliklar yaratish bilan bogʻliq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish. 

 

Mazkur vazifalarni bajarish quyidagi sohalarga alohida diqqat-e’tiborni qaratishni taqozo etadi:

 

·    xalqimizning milliy ruhi va oʻzligining, madaniy-ma’rifiy olami, milliy gʻoyasining asosi hisoblangan ona tili va adabiyotini yanada rivojlantirish;

·    oʻlkamiz qaramlik changaliga tushib qolgan istibdod davrlarida ona tilimizning rivojlanish imkoniyatlarining cheklanishi oqibatida shakllangan asoratli muammolarni bartaraf etish;

·    qadimiy va boy tarixga ega oʻzbek tilining tarixiy shakllanish va zamonaviy rivojlanish jarayonlarini chuqur tadqiq etishni yoʻlga qoʻyish;

·    ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan bebaho ma’naviy boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitish, nufuzini oshirish;

·    oʻzbek tili va adabiyotining xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy rivojida, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan oʻrni va roli bilan bogʻliq dolzarb mavzularda muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirishni rivojlantirish;

·    zamon talablariga mos lugʻat va qomuslar, risola va darsliklar nashrini yoʻlga qoʻyish;

·    oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, mazkur yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga katta e’tibor qaratish;

·    ona tilimizning qoʻllanish doirasini kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish;

·    fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudentsiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi oʻta muhim tarmoqlarda oʻzbek tili oʻzining haqiqiy oʻrnini egallashiga erishish;

·    zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lugʻatlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish kabi muhim masalalarni qamrab oladi. 

    Universitet tarkibida 3 ta fakultet: oʻzbek filologiyasi, oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish, oʻzbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, uning qoshida Oʻzbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti va Oʻzbek tili va adabiyoti muzeyi faoliyat olib boradi.

 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti davlat universiteti fakultetlari:

    Oʻzbek filologiyasi fakulteti. 2016 yil 13 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida tashkil etilgan boʻlib, 5120100 - Filologiya va tillarni oʻqitish (oʻzbek tili) ta’lim yoʻnalishida mutaxassis tayyorlaydi. Ushbu mutaxassislar oʻzbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning oʻzbek va jahon tilshunosligi rivojiga qoʻshgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, oʻzbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bogʻliq ilmiy muammolarni tadqiq etish, oʻzbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini toʻla aks ettiradigan mukammal akademik va oʻquv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yoʻnalishlar boʻyicha lugʻat va qomuslar, risola va darsliklar yaratish borasida izlanishlar olib boradi. 

 

    Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti. 2016 yil 13 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida tashkil etilgan boʻlib, 5111200 - Oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishida mutaxassis tayyorlaydi. Ushbu mutaxassislar oʻzbek tili va adabiyotini, uning oʻziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur oʻzlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash, talaba yoshlarni, oʻzbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega boʻlgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy etuk insonlar etib tarbiyalash, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fanini oʻqitishning yangi va samarali metodlari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha kadrlar tayyorlaydi.

 

    Oʻzbek-ingliz tarjima fakulteti. 2016 yil 13 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida tashkil etilgan boʻlib, 5120200 - Tarjima nazariyasi va amaliyoti ta’lim yoʻnalishida mutaxassis tayyorlaydi. Ushbu mutaxassislar ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni oʻzbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash, ona tilimizning Internet jahon axborot tarmogʻida munosib oʻrin egallashini ta’minlash, uning kompyuter uslubini, oʻzbek tili va dunyodagi etakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lugʻatlar, elektron darsliklar yaratish bilan bogʻliq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish borasida izlanishlar olib boradi.

     Oʻzbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti.

     Institut oʻzbek tili, oʻzbek tili tarixi, oʻzbek lugʻatchiligi, oʻzbek atamashunosligi, oʻzbek shevashunosligi, oʻzbek nutq madaniyati, sotsiolingvistika, psixiolingvistika, lingvogeografiya kabi yangi yoʻnalishlar, oʻzbek adabiyoti tarixi, XX asr oʻzbek adabiyoti, hozirgi adabiy jarayon, adabiyot nazariyasi, soʻz va tahrir san’ati, notiqlik, adabiy aloqalar va tarjimashunoslik, qiyosiy tilshunoslik, oʻzbek folklori boʻyicha eng dolzarb muammolarni chuqur tadqiq etish, dialektologiya va folklor ekspeditsiyalarini tashkil masalalari bilan bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiradi. Institut, shuningdek, tilshunos va adabiyotshunos kadrlarning ilmiy izlanishlarini muntazam muvofiqlashtirib borish; katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti va magistratura ilmiy faoliyatida hamda ta’lim jarayonida bevosita ishtirok etish; “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalini davriy nashr etish; adabiyot sohasidagi boy madaniy meros va yuksak ma’naviy qadriyatlarni oʻrganish va ilmiy iste’molga kiritish, oʻzbek xalqi ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qildirish; xalqimizning eng qadimgi davrlardan hozirgi kungacha boʻlgan ogʻzaki va yozma adabiyoti manbalarini toʻplash, tadqiq etish, nashr qilish, keng jamoatchilikka etkazish va targʻib etish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

    Oʻzbek tili va adabiyoti muzeyi.

    Oʻz faoliyatida quyidagi vazifalarni bajarishga e’tibor qaratadi: adabiyot muzeyi vositalari orqali oʻzbek adabiyoti taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini namoyish qilish; Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrdan hozirgi kungacha boʻlgan ogʻzaki va yozma adabiyoti manbalarini toʻplash, tadqiq etish, nashr qilish va ekspozitsiya vositalari orqali keng xalq ommasiga namoyish qilish hamda bu orqali, eng avvalo, yoshlarni ajdodlar merosiga vorislik, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qilish; xalq orasidagi adabiyot tarixiga daxldor qoʻlyozma, toshbosma asarlar hamda shoir va yozuvchilarning arxivini toʻplash, ularni kataloglashtirish va eng noyob nusxalarini chop etib ilmiy muomalaga kiritish;til tarixining qadimiy ildizlari va oʻzbek adabiyoti tarixining asosiy bosqichlari haqidagi izlanishlar natijalarini namoyish qilish orqali ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ulkan ma’naviy, madaniy va ilmiy merosni targʻib etish, oʻzbek tili va adabiyotining jahon tsivilizatsiyasidagi oʻrnini koʻrsatish, shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga singdirish yoʻli bilan  oʻzlikni anglash, Vatanga muhabbat, Mustaqilligimizni qadrlash ruhida tarbiyalash; muzeyda saqlanayotgan boy qoʻlyozma meros hamda Oʻzbekiston shoir va yozuvchilarining betakror arxiv hujjatlarini adabiyotshunoslik va manbashunoslik sohasida kam oʻrganilgan yoʻnalishlar sifatida alohida tadqiq qilish; talabalarni xalqimizning boy adabiy merosi bilan tanishtirish, ekspozitsiya va koʻrgazmalar shaklida keng namoyish qilish; adabiyot tarixiga oid nodir qoʻlyozmalar, toshbosma asarlar, mumtoz va zamonaviy adiblarning shaxsiy arxivlarini toʻplash, ularning kataloglarini yaratish va eng noyob nusxalarini chop etib, ilmiy muomalaga kiritish; oʻzbek adabiyotining eng qadimgi davrlardan bugungi kungacha boʻlgan asosiy rivojlanish bosqichlarini ilmiy asosda namoyish etish, ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ulkan ma’naviy, madaniy va ilmiy merosni oʻrganish, uni qayta tiklash, oʻzbek adabiyotining jahon svilizatsiyasidagi oʻrni va mavqeini koʻrsatish.

    Universitet oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yoʻnalishlarda ilmiy va oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish boʻyicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.