Universitet jahon nigohida

 

2016-yil O‘zbekiston madaniy hayotida yuz bergan katta voqea bilan esda qoladigan bo‘ldi. Birinchi Prezidentimiz, Buyuk Yo‘lboshchimiz Islom Karimov mamlakatimiz taraqqiyotining barcha sohalari kabi xalqning o‘zligini ko‘rsatuvchi asosiy belgi bo‘lgan davlat tili – o‘zbek tili va unda dunyoga kelayotgan asarlar, bu sohadagi tadqiqotlar holatiga ham alohida e’tibor qaratib, shaxsiy tashabbus bilan o‘zbek filologiyasining, qolaversa, madaniyatining bo‘lajak markazi sifatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga asos soldi. Odatda uzoq vaqtni, tayyorgarchiliklarni talab qiluvchi tashkiliy va oyoqqa turish jarayonini juda qisqa muddatda o‘tash mas’uliyati yuklangan dorulfunun – o‘quv, ilmiy

madaniy, ma’rifiy o‘ziga xos markaz  ta’sis etildi. Ushbu markaz davlatimiz rahbari nigohida o‘zida nafaqat o‘zbek tili va adabiyotini, balki O‘rta Osiyo madaniyati, tarixi va falsafasi bo‘yicha yaratilgan merosni o‘rganuvchi va yaratilajak tadqiqotlarni atrofida birlashtiruvchi xalqaro markaz bo‘lib qolishi ko‘zda tutilganini ta’kidlash joiz.

Keyingi yillarda O‘zbekiston o‘z tanlagan yo‘lidan og‘ishmay borayotgani va shu chorak asrlik qisqa muddat ichida hayratomuz natijalarni qo‘lga kiritgani bilan jahon hamjamiyati e'tiborini tortmoqda. Bu mavzu jahon OAVda ko‘p gapirilyapti. Hozirgi internet asrida har qanday yangilik qandaydir daqiqalar ichida butun dunyoga tarqalmoqda. O‘zbekiston madaniy hayotida ro‘y bergan bu voqea ham e’tibordan chetda qolmadi. Dunyoday yangi tuzilmaga katta qiziqish va umid bilan qaralmoqda. Universitet, uning tasarrufidagi tadqiqot instituti va adabiyot muzeyining salohiyatli professor-o‘qituvchilari, olim va tadqiqotchilari o‘zlarining xorijiy hamkorlari bilan bu katta voqeani o‘rtoqlashib, ulardan tabriklar olmoqdalar. Ulug‘ Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq bu oliy dargoh tez orada ko‘pchilik nazariga tushishi shubhasiz.

Davr talabiga binoan universitet rejalarida soha mutaxassislarini qayta tayyorlash kurslariga xorijlik mutaxassislar, taniqli olimlarni taklif etish mo‘ljallangan. Bu ishni amalga oshirish uchun universitet tadbirlar rejasiga ko‘ra quyidagi xorijlik olimlar taklif etilishi ko‘zda tutilmoqda: 

Metin Ekiji, Ismat Chetin, O‘jal O‘g‘uz (Turkiya), Karl Rayxl, Janin Dagyeli, Ingeborg Baldauf (GFR), Xiroki Tamagochi (Yaponiya), Ing Yong O (Janubiy Koreya), Kristofer Fort, Anna Oldfild, Yulay Shomil o‘g‘li (AQSh), Mark Toutant, Frensis Rishar (Fransiya) va boshqalar.

Toshkentda faoliyat yuritayotgan diplomatik va boshqa xorijiy vakolatxonalar yangi universitetga alohida e’tibor qaratib, yangilikni o‘z yurtlarida yoyishlari tufayli u tez orada jahon afkor ommasiga taniladi, deb ishonamiz. Kuni kecha universitetda “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda AQSh elchixonasi vakillari ishtirok etib, uning rahbariyati, jamoasini birinchilardan bo‘lib tabrikladilar, ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini kiritdilar va kutubxona fondiga 250 nusxa o‘zbekcha-inglizcha, inglizcha-o‘zbekcha lug‘at sovg‘a qildilar.