Ustozning 90 yilligi

Chop etilgan sana:
18 May 2017

      Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida filologiya fanlari doktori, professor Miraziz Mirtojiyev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab “Global taraqqiyot va o‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-nazariy anjuman bo‘lib o‘tdi.

      Miraziz Mirtojiyev turkiy, shu jumladan, o‘zbek tilshunosligi rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan taniqli olim bo‘lib, 50 dan ortiq monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanma, ilmiy-ommabop risola, lug‘at, 200 dan ortiq ilmiy maqolalar mualliffidir. Uning rahbarligida 30 ga yaqin nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan bo‘lib, shogirdlari bugungi kunda respublika oliy ta'lim tizimining turli sohalarida samarali faoliyat olib bormoqdalar.

      Anjumanning ochilish qismida respublika oliy va o‘rta maxsus ta'limi tizimida faoliyat olib borayotgan taniqli professor-o‘qituvchilar, katta ilmiy xodim izlanuvchilar o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etib, professor Miraziz Mirtojiyevning o‘zbek semasiologiyasi, o‘zbek tili fonetikasi, morfologiyasi, xususan, turkiy tub fe'llar auslautini o‘rganish borasidagi ilmiy izlanishlari, umuman, o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi xususida to‘xtaldilar.

      Yalpi yig‘ilishdan keyin, anjuman sho‘balarda davom etib, uchta yo‘nalish – “O‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari”, “O‘zbek tilshunosligida yangi sohalar rivoji”, “O‘zbek tili mavqyeini yuksaltirish omillari” mavzularida ma'ruzalar tinglandi.

      Ustozimizga uzoq umr, ilmiy-ijodiy barkamollik, shogirdlari baxtiga doimo sog‘-omon bo‘lib yurishlikni tilab qolamiz.