AKADEMIK TO’RA MIRZAYEV BILAN UCHRASHUV

Chop etilgan sana:
06 Mart 2018

6-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor To‘ra Mirzayev  universitet talabalari va pedagog xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

To‘ra Mirzayev o‘zbek filologiyasining atoqli namoyandalaridan biri, xalq og‘zaki badiiy ijodiyotini keng ko‘lamda tadqiq etishdan iborat fundamental ilmiy maktabga asos solgan ulkan fan tashkilotchisi, eposshunoslikning ko‘plab nazariy masalalarini jahonshumul darajada hal qilgan yirik olimdir.

“Biz ilm kishilari, siz yoshlar – barchamiz akademik To‘ra Mirzayevdan juda ko‘p o‘rganishimiz, masalahatlariga quloq tutishimiz kerak. Ularning borligi baxtimiz, shunday yirik olimlar bilan zamondoshligimiz yutug‘imizdir”, deya ta’kidladi universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov.

Akademikning shogird-u talabalar bilan yanada yaqin bo‘lishi uchun universitetda To‘ra Mirzayev uchun alohida xona ajratildi. O‘z navbatida akademik To‘ra Mirzayev ham talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar va ulardan o‘z maslahatlarini ayamadilar. Ustozning fan doktori ilmiy darajasiga erishgan shogirdlari, ilm yo‘lida sobit qadam tashlayotgan yosh folklorshunoslar olimlar va talabalar bu kabi samimiy uchrashuvlarni intiqlik bilan kutishlarini ma’lum qildilar.