Dunyoning eng yirik to‘rt ilmiy nashriyot uylaridan biri Elsevier vakili O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurdi

Chop etilgan sana:
05 Mart 2018

Bugun, 5-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida dunyoning eng yirik to‘rt ilmiy nashriyot uylaridan biri Elsevier’ning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha direktori Aliya Ospanova universitet pedagog xodimlari, doktorant, magistrant va talabalari uchun seminar-trening o‘tkazdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Mazkur seminarda dunyoning mashhur ilmiy ma’lumotlar bazasi hisoblangan Scopus tizimi va undan foydalanishning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Impaktfaktori yuqori bo‘lgan xorijiy jurnallarda ilmiy maqola e’lon qilishning talablari va bu nashrlarning afzalliklari to‘g‘risida tushuncha berildi. Oliy ta’lim muassasasining xalqaro maqomga ega bo‘lishi va xalqaro reytinglarga kirishida  Scopus bazasida e’lon qilinadigan ilmiy nashrlardagi maqolalarning soni va salmog‘i katta ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Yaqin fursatlarda Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUga ScienceDirect bazasidagi ma’lumotlardan ham bepul foydalanish imkoniyati taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Seminar so‘ngida universitet va Elsevier nashriyot uyi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.