O‘zbek filologiyasi fakulteti tashkil etilganiga 101 yil to‘ldi

Chop etilgan sana:
16 May 2019

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti tashkil etilganiga qariyb 101 yil to‘ldi. Fakultetga 1918-yilda asos solingan. O‘zining shonli tarixi davomida mazkur fakultetdan ko‘plab atoqli ijodkorlar, ilm-fan fidoyilari, davlat arboblari yetishib chiqqan.

Fakultet talabalariga universitet tashkil etilgan dastlabki yillarda Munavvarqori, Fitrat, Abdulla Avloniy, Abdurahmon Sa’diy kabi olimlar adabiyotshunoslik va tilshunoslikka oid nazariy kurslardan dars berganlar. Ana shu an’ana va tajribalar natijasi o‘laroq G‘ulom Karimov mumtoz adabiyotimiz tarixi, Ayyub G‘ulomov o‘zbek tilshunosligi, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov adabiy tanqid, Begali Qosimov o‘zbek milliy uyg‘onish adabiyotini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy maktab yaratganlar.

Mashhur yozuvchi va shoirlardan Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Saida Zunnunova, O‘lmas  Umarbekov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Shukur Xolmirzayev, Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘tkir Hoshimov va Oydin Hojiyeva ijod sirlarini shu dargohda o‘rgangan.

Fakultet 2016-yil 13-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ – 4797-sonli farmoni asosda qayta tashkil etildi. Bugungi kunda u o‘zining yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi.