X

“O‘zbek shevashunosligi markazi” faoliyatini boshladi


“ O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “2019-yil 11-dekabrda imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatida qo‘llanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab quvvatlash, o‘qitish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi”da “O‘zbek shevashunosligi markazi”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan. ”

Shu ma’noda Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish va shevashunoslik bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni uyg‘unlashtirish maqsadida joriy yilning 21-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek shevashunosligi markazi”ning ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Markazning bosh maqsadi muassasalar, ilmiy tadqiqot instituti hamda tashabbuskor guruhlarda o‘zbek shevalarining o‘rganilishini rejalashtirish va muvofiqlashtirishdan iborat. Shuningdek, o‘zbek shevalarining fonetik, leksik, grammatik va sotsiolingvistik  xususiyatlarini tadqiq qilish, bu bo‘yicha mualliflar guruhini shakllantirish, tayyorlanajak o'zbek shevalari lug‘atlari, matnlari,xalq og‘zaki ijodi namunalari, monografiya va maqolalarni muhokama qilish va nashrga tavsiya etish markazning asosiy vazifalaridan sanaladi.

Markazning zarurati, Nizomini tasdiqlash va rahbarini tayinlash, Markazning 2030-yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ni shakllantirish, o‘zbek shevashunoslari oldida turgan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan  qator  masalalar majlis kun tartibidan o‘rin oldi. Shuningdek, yig‘ilishda o‘zbek shevalarini o‘rganishning yangi innovatsion metodlarini joriy etish, shevalarni yozib olishda lotin alifbosi asosidagi takomillashtirilgan transkriptsion tizimdan foydalanish, dialektologiya fanlarining o‘qitilishi,  pedagog xodimlar bilan ta’minlanishi muammolari, oliy ta’lim muassasalari bilan  hamkorlikda ko‘rgazmali mashg‘ulotlar, master-klasslar o‘tkazish, magistratura ta’limini takomillashtirish, o‘zbek dialektologlari safini yosh kadrlar bilan to‘ldirib borish, ularning “ustoz-shogird” tizimida ishlashini tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Majlis davomida Markazning 20 kishidan iborat ishchi guruhi  shakllantirildi. Dialektologik tadqiqotlarni asosan uch yo‘nalishda olib borishga kelishib olindi:

- hozirga qadar o‘rganilmagan shevalar va muqaddam (ellik yildan oshgan) o‘rganilgan shevalarni an’anaviy – qiyosiy-tarixiy metodda o‘rganish;

- tarixiy dialektologiyani yaratish;

- o‘zbek areal lingvistikasini takomillashtirish.