Belarus davlat universiteti delegatsiyasi tashrifi


“Dastlab delegatsiya uchun universitet bo’ylab sayohat uyushtirildi.”

2021- yil 5- aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUga Belarus davlat universitetining  (BDU) rektori professor  Korol Andrey Dmitriyevich,  o’quv ishlari va ta’limni internasionalizatsiya qilish bo’yicha prorektor Kozadayev Konstantin Vladimirovich,  xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig’i  Juk Aleksandr Vasilyevich, BDU qoshidagi   yuridik kollej direktori Starovoytov Oleg Mixaylovichlardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.    

Dastlab delegatsiya uchun  universitet bo’ylab sayohat uyushtirildi. Mehmonlar universitetda professor-o’qituvchilar, talabalar, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. Ularda, ayniqsa,  sinxron tarjima, kompyuter lingvistikasi  laboratoriyalari, 100 ta kompyuterli mustaqil ta’lim zali,  talabalar uchun tashkil qilingan turli  to’garaklar (pazandachilik, tasviriy san’at, go’zallik saloni, ona-bola xonasi)  katta taassurot qoldirdi.  
  So’ngra universitet rahbariyati bilan muzokaralar boshlandi. ToshDO’TAU rektori professor Sh.Sirojiddinov mehmonlarga tashrif uchun minntadorchilik bildirib, BDU bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo’lgan strategik rejalar,  ulardan kelib chiqadigan aniq chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. 
Belarus davlat universitetining rektori A.D.Korol ham o’z navbatida ToshDO’TAU rektoriga  ko’rsatilgan e’tibor uchun samimiy  minnatdorchilik bildirdi. BDU buyuk tarixga ega bo’lgan  Sharq sivilizatsiyasining  beshigi hisoblangan mamlakat – O’zbekiston OTMlari, xususan, ToshDO’TAU   bilan o’quv, ilmiy-innovatsion, akademik mobillik kabi turli sohalarda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligi, birgalikda ko’plab loyihalarni amalga oshirish mumkinligi haqida so’zladi. 
Uchrashuvda, shuningdek, O’zbek tili  fakulteti dekani v.b.S.Muhamedova, Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti dekani A.Sayfullayevlar ham  fakultetlar va ta’lim yo’nalishlari borasida amalga oishirilishi mumkin bo’lgan qo’shma dasturlar, loyihalar haqida fikr bildirishdi. 
Uchrashuv dasturiga ko’ra ToshDO’TAU va BDU o’rtasidagi Hamkorlik  kelishuvi bo’yicha  tuzilgan Yo’l xaritasining imzolash marosimi o’tkazildi. So’ngra  OTM rektorlari  bir-birlariga   esdalik  sovg‘alarini topshirishdi.
Tomonlar bu hujjatlar asosida  hamkorlik  yangi bosqichga chiqishiga umid bildirishdi.