Milliylik va umuminsoniy qadriyatlar timsoli


“2018 yilda universitet rahbariyati tashabbusi bilan “oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha birinchi qaldirgʻochlar oʻqishga qabul qilindi.”

2018 yilda universitet rahbariyati tashabbusi bilan “oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha birinchi qaldirgʻochlar oʻqishga qabul qilindi. Bu yangi va kelajagi porloq yoʻnalish boʻlib, uning bitiruvchilari xorijda ochilgan va ochilayotgan turkologiya, oʻzbek tili va adabiyoti markazlarida, xorijiy OTMda, umumtaʼlim maktablarining oʻzga tilli guruhlarida (oʻzbek tili va adabiy oʻqish fanlaridan), taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar, akademik litsey, professional taʼlim beruvchi muassasalarda oʻzbek tili (davlat tili) fanidan dars beradilar.

Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, keng qoʻllanishini taʼminlashda Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabr kuni imzolangan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Farmondagi asosiy yoʻnalishlarda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasida bir qancha ustuvor vazifalarning bajarilishi nazarda tutilgan.

Shular sirasida oʻzbek tilini oʻzga millat vakillariga oʻqitish, oʻrgatish ishlarining amalga oshirilishi alohida qayd qilingan. Shuningdek, xorijliklar uchun oʻzbek tilini oʻrgatuvchi dasturlar yaratish, 2030 yilga qadar xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻrgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha koʻpaytirish, xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili kurslarini zarur ilmiy, oʻquv-uslubiy, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, oʻzbek tilini oʻrgatishga doir ilmiy tadqiqotlar miqdorini oshirish kabilar koʻrsatilgan.

 Ushbu vazifalarni ijro etish maqsadida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Oʻzining ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda universitet aynan shu sohada kadrlar tayyorlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan edi. Yuqoridagi farmon bu ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻldi.

 2018 yilda universitet rahbariyati tashabbusi bilan “oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha birinchi qaldirgʻochlar oʻqishga qabul qilindi. Bu yangi va kelajagi porloq yoʻnalish boʻlib, uning bitiruvchilari xorijda ochilgan va ochilayotgan turkologiya, oʻzbek tili va adabiyoti markazlarida, xorijiy OTMda, umumtaʼlim maktablarining oʻzga tilli guruhlarida (oʻzbek tili va adabiy oʻqish fanlaridan), taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar, akademik litsey, professional taʼlim beruvchi muassasalarda oʻzbek tili (davlat tili) fanidan dars beradilar. Mazkur yoʻnalish talabalari 4 ta — oʻzbek, rus, ingliz va sharq tillaridan birini chuqurlashtirilgan holda oʻrganishadi. Bundan tashqari, ular davlat va nodavlat idoralarida davlat tilida ish yurituvchi lavozimlarda ham faoliyat yuritib, tarjimon boʻlib ham ishlashlari mumkin. Bu yoʻnalishga boʻlgan qiziqish va ehtiyoj dinamikasini kuzatadigan boʻlsak, 2018 yilda faqatgina bizning universitetda 60 ta kvota bilan qabul boshlangan boʻlsa, 2019 yilda kvotalar soni 100 taga yetdi va Nukus davlat pedagogika institutida (50 ta) ham bu taʼlim yoʻnalishi ochildi. 2020 yilda esa bu koʻrsatkich yanada oʻsib, “oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili” yoʻnalishi uchun Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialida ham 50 ta oʻrin berildi. Bu esa tashabbusimiz respublika boʻylab keng quloch yoyganini, yaʼni sohada koʻplab kadrlar tayyorlash ehtiyoji borligini koʻrsatadi.

Bugungi kunda tahsil olayotgan talabalarga “Oʻzbek tilini oʻqitish metodikasi” fani aynan 2 modul asosida oʻqitiladi:

- oʻzga tilli guruhlarda (taʼlim rus, tojik, qozoq va b.) oʻzbek tili (davlat tili)ni oʻqitish metodikasi;

- xorijliklarga oʻzbek tilini oʻqitish metodikasi.

 Hozirgi kunda oʻzbek tili kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan taʼlim yoʻnalishi uchun yangi avlod oʻquv adabiyotlarini yaratish ustida izlanishlar olib borilmoqda.

Faoliyatning ikkinchi qirrasi — xorijliklarga oʻzbek tilini oʻqitish va oʻrgatish ishlari. Zero, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari tobora kengayib bormoqda. Ming yillik tariximiz, buyuk ajdodlarimiz merosi, yurtimizdagi farovon, osoyishta hayot, investitsiyalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar sababli Vatanimiz olimlar, tadqiqotchilar, tadbirkorlar, bankirlar, sayyohlar uchun eng qiziqarli mamlakatlardan biri hisoblanadi. Yaqinda internetda nufuzli sotsiologik tadqiqot markazlarining xulosalari asosida dunyoning borib koʻrish zarur boʻlgan eng jozibali 50 ta shahri eʼlon qilindi. Bu roʻyxatda Samarqand shahri eng oldingi oʻrinlarda turibdi. Yaʼni xalqaro turizm ham oʻzbek tilini oʻrganishga turtki boʻlmoqda.

 Avvalo, dunyo miqyosida oʻzbek tilining oʻqitilishi va oʻrganilishiga doir maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, dunyo xalqlari orasida oʻzbek tilini oʻrganishga, uni ilmiy tadqiq qilishga ehtiyoj va eʼtibor katta. Dunyo miqyosida oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin.

Oʻzbek tili fan sifatida muayyan kafedralardagi fanlar sirasida oʻqitiladi: Moskva davlat universitetining Osiyo, Afrika mamlakatlari instituti (Rossiya), Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya), Moskva davlat lingvistika universiteti (Rossiya), Qozon davlat universiteti (Rossiya), Sukuba universiteti (Yaponiya), Tokio universiteti (Yaponiya), Jamiya milliya islomiya universiteti (Hindiston), Pekin markaziy milliy universiteti (Xitoy), Shanxay chet tillar universiteti (Xitoy), Lanjou universiteti (Xitoy), Shinjon taʼlim instituti (Xitoy), Pekin chet tillar instituti (Xitoy), Chet tillar instituti (Janubiy Koreya), Boku davlat pedagogika universiteti, Balx universiteti (Afgʻoniston) va boshqalar.
Universitetlar huzuridagi Til oʻrgatish markazlarida oʻrgatiladi: Bonn universiteti (Germaniya), Gumboldt (Germaniya), Fraye universiteti (Germaniya), Izmir universiteti (Turkiya), Anqara universiteteti (Turkiya), Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya), AQSHning Vashington, Garvard, Viskonsen, Michigan, Texas, Kaliforniya, Arizona kritik tillar universiteti, Texas universiteti.
Oʻzbek tili boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda: Markaziy Osiyoni oʻrganish tadqiqotlari markazi (Fransiya), Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya), Moskva davlat lingvistika universiteti (Rossiya), Qozon davlat universiteti (Rossiya), Sukuba universiteti (Yaponiya), Tokio universiteti (Yaponiya), Jamiya milliya islomiya universiteti (Hindiston), Pekin markaziy milliy universiteti (Xitoy), Shanxay chet tillar universiteti (Xitoy), Lanjou universiteti (Xitoy) va boshqalar.
Ayrim davlatlar universitetlari huzurida tashkil etilgan markazlarda ham oʻzbek tili oʻrgatilmoqda. Masalan, Indiana universiteti huzurida 7 ta ana shunday markazda oʻzbek tili oʻrgatiladi. Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti 20 ga yaqin xorijiy oliygoh bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatgan va shartnomalar imzolagan. Shunisi quvonarliki, yangi yoʻnalishda oʻqiyotgan 4 nafar talaba 2020 yil 25 fevral – 1 mart kunlari Moskva davlat universitetining Osiyo, Afrika mamlakatlari instituti va Moskva davlat lingvistika universitetida oʻzbek tili darslarini oʻtish jarayonini kuzatib, oʻz malakasini oshirib qaytishdi.

 Universitet dotsenti M.Rahmatov 2018 yildan boshlab Xitoyning Shanxay chet tillar universitetining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutida oʻzbek tilidan dars bermoqda.

Oʻzbek tilini oʻqitishning darajaviy elektron darsliklari, videokurslar hamda oʻzbek tilini oʻqitishni butun dunyoga targʻib etish uchun uning MOOC (massive open online course) tizimini yaratish dolzarb masaladir. Unga koʻra, oʻzbek tilini bilish darajasini tekshiruvchi maxsus dasturlar, oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyish maqsad qilingan. Bu borada birinchi qadam sifatida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida xorijiy universitetlardagi oʻzbek tili markazlarida foydalanish uchun “Oʻzbekona” darsligi yaratildi.

Ushbu darslikni yaratishda universitet doktoranti Gulruxsor Ergasheva hamda Oʻzbek tili fakulteti talabalari jamoasi jonbozlik koʻrsatdilar. “Oʻzbekona” darsligi xorijiy tilni egallashning umumevropa kompetensiyalari tizimiga asosan A1 darajani egallash imkonini beruvchi darslik boʻlib, 9 ta boʻlim, 3 ta nazorat bloki, audiolar va qoʻshimcha materiallar kabi qismlardan iborat. Kitobda mavjud qoʻllanma va elektron resurslardan farqli oʻlaroq, mavzular tizimli va izchil yoritilgan, integrativ va kommunikativ metodlar uygʻunlashtirilgan, vositachi tildan foydalanilmagan. Bularning barchasi oʻrganuvchining til muhitiga tezroq kirib borishini taʼminlaydi. Shu bilan birga, mashqlarning variativligi taʼminlangan, “oddiydan murakkabga” metodik prinsipiga amal qilingan. Har bir sahifa, har bir mashqda milliylikni aks ettirishga harakat qilingan va umuminsoniy qadriyatlar singdirilgan.

Darslikda taklif etilayotgan audiomateriallar sof autentik emas, balki oʻquv-autentik material hisoblanadi. Zero, A1 daraja uchun aynan shu turdagi autentik materialdan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

 Ushbu darslikda tilni oʻqituvchi bilan ham, mustaqil oʻrganish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, har bir boʻlim mantiqiy ketma-ketlikda berilgan 5 qismdan iborat. Oʻrganuvchi rasmlar orqali ham yangi mavzuni, mashq-topshiriqni bajarish yoʻlini tushuna oladi. Darslik soʻnggida sinov materiallari, audiolar, soʻzlashish uchun har bir mavzuga tegishli savollar hamda lugʻatning mavjudligi til oʻrganuvchiga koʻplab qulayliklar yaratadi.

 Qoʻllanmaning dizayni ham alohida ahamiyatga ega – har bir sahifa til oʻrganuvchida oʻzbek tili va madaniyati haqida muayyan taassurot qoldiradi. Kitob xorijiy til oʻqitishning oʻqib tushunish, tinglab tushunish, gapirish, yozish koʻnikmalarini toʻlaqonli qamrab olgan.

 Shuningdek, bugungi kunda ushbu darslikka ilova tarzida http://Uzmotul.com sayti va Oʻzbekona (MOTUL) telegram kanali ham faoliyat koʻrsatishni boshlab, ular yangi materiallar bilan boyitilmoqda. Bu bilan oʻzbek tilini oʻrganishni istagan xorijliklarni masofadan turib oʻqitish imkoniyati yaratiladi.

 Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda “Qiziqarli oʻzbek tili kursi” ham tashkil etilgan. Uning doirasida Oʻzbekiston hududidagi vatandoshlar va xorijlik oʻzbek tilini oʻrganuvchilarga moʻljallangan kurslar tayyorlangan. Kursga quyidagi yoʻnalma orqali oʻtish mumkin: ttps://docs.google.com/forms.

Universitet jamoasi oldidagi yana bir katta vazifa – dunyo standartlari asosida xorijliklarga oʻzbek tilini intensiv oʻrgatuvchi onlayn platformani yaratishdir. Ammo xorijliklar uchun toʻlaqonli onlayn platforma yaratish juda katta moliyaviy mablagʻlarni talab qiladi. Shuning uchun ToshDOʻTAU va xorijlik mutaxassislar tomonidan ilmiy jamoa tuzib, Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan eʼlon qilingan tanlovda qatnashish uchun loyiha topshirildi.

Xullas, universtetda oʻzbek tilini davlat tili va xorijiy til sifatida oʻqitish va oʻrgatish ishlari borasida Prezidentimiz nutqida va farmonida belgilab berilgan vazifalarning ijro qilinishi oʻzbek tilining davlat tili sifatida nufuzi hamda xalqaro maqomini oshirishga samarali xizmat qilishiga ishonamiz.

Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi keng jamoatchilik faolligi orqali amalga kiritiladi.
“Yoʻl xaritasi”da kirill yozuvidan lotin yozuviga savodli oʻgiradigan dasturiy taʼminot hamda ularning mobil ilovalari yaratilishini ragʻbatlantirish nazarda tutilgan boʻlib, bu, oʻz navbatida, yoshlarni izlanishga va yangiliklar yaratishga undashi tabiiy.

1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga mukammal oʻtilishini taʼminlash belgilab qoʻyilgan edi. Aynan shu yili oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari yaratilib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi.

Oradan 26 yil vaqt oʻtdi. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida taʼlim olishni boshlagan avlod bugun davlat va jamiyatning turli sohalarida, boshqaruv organlarida faol mehnat qilmoqda. Mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etishini nazarda tutadigan boʻlsak, bugun yurtimizda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritishga tayyor avlod shakllandi, deb bemalol aytishimiz mumkin.

Lekin oʻtgan yillar mobaynida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritish, barcha ish qogʻozlari va harakatdagi hujjatlarning toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlash yuzasidan qatʼiy talablar qoʻyilmadi. Ish yuritishda kirill va lotin yozuvining amal qilib kelishi, tabiiyki, noqulayliklar va jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Hukumatimiz tomonidan 2021 yil 10 fevral kuni qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu boradagi muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan qatʼiy choralar belgilandi.

Yaqin muddatlarda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash boʻyicha ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi”da jamiyatimizda mavjud boʻlgan eng muhim ijtimoiy muammoning yechimiga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Jumladan, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosining yangi tahriri asosida “Oʻzbek tilining imlo qoidalari” tasdiqlanadi. Oʻzbek tili alifbosi va yangi imlo qoidalari asosida transliteratsiyaga moʻljallangan axborot dasturiy taʼminotlar uchun yagona talab ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

Turli vazirlik, idoralar va tashkilotlarning xodimlari, mustaqil oʻrganuvchilar uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzurida faoliyat koʻrsatayotgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda uning 13 ta hududiy boʻlinmasida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritishni oʻrganish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi. Eʼtiborli jihati, oʻqish va oʻrganish istagida boʻlgan aholi vakillarining bepul oʻqitilishi taʼminlanadi.

Uzluksiz taʼlim tizimining maktabgacha taʼlim boʻgʻinidan boshlab bolalarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va yangi imlo qoidalari boʻyicha savodxonligini shakllantirishga moʻljallangan koʻrgazmali va tarqatma materiallar tayyorlash yoʻlga qoʻyilsa, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun oʻquv adabiyotlari, darsliklar toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida nashr etiladi. Kirill alifbosida chop etilgan va kutubxonalarda saqlanayotgan adabiyotlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi elektron koʻrinishlari bosqichma-bosqich yaratiladi.

Mamlakatimizda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalar, ID kartalar, fuqaroligi boʻlmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini takomillashtirilgan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlash choralari koʻriladi.

 “Yoʻl xaritasi”da kirill yozuvidan lotin yozuviga savodli oʻgiradigan dasturiy taʼminot hamda ularning mobil ilovalari yaratilishini ragʻbatlantirish nazarda tutilgan boʻlib, bu, oʻz navbatida, yoshlarni izlanishga va yangiliklar yaratishga undashi tabiiy.

Turli sohalar boʻyicha atamalar, joy nomlari, kishi nomlari lugʻatlari va oʻquv lugʻatlarining tayyorlanishi, nashr etilishi va keng tarqatilishi aholining lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va yangi imlo qoidalarini tez va oson oʻzlashtirib olishiga xizmat qiladi.

Yurtimizning shahar va qishloqlarida, joy va koʻchalar, tashkilotlar nomlari, peshlavhalar, ommaviy targʻibot vositalari, reklama va eʼlonlarning yangi tartibda yozilishini toʻliq taʼminlashda keng jamoatchilikning faolligi va har birimizning masʼulligimiz yaqin muddatlarda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishimizda muhim omil boʻladi.

Odina JAMOLDINOVA,

oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri maslahatchisi