O‘zbek tili bayrami kuniga munosib sovg‘a!


“Chet elliklar uchun “O‘zbekona” (A2 daraja) darsligi chop etildi”

Chet elliklar uchun “O‘zbekona” (A2 daraja) darsligi chop etildi
Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti univeriteti doktoranti Gulruxsor Ergasheva, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Saodat Adilova va MO‘TUL jamoasi (TDO‘TAU) tomonidan yaratilgan “O‘zbekona” (A2 daraja) darsligi  nashr etildi. 
Mazkur darslik 2020-yilda chop etilgan “O‘zbekona” (A1 daraja) darsligining davomi bo‘lib, u o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘rganuvchilarga mo‘ljallangandir. Darslikni yaratishda chet tilni egallashning xalqaro miqyosda e'tirof etilgan me'yorlariga amal qilindi. Xususan, CEFR A2 darajasining tavsifida berilgan kompetensiyalarni o‘zlashtirishni ta'minlaydigan materiallar qamrab olindi. 
Darslik avval yetarli vaqt davomida sinovdan o‘tkazildi hamda bu jarayondan chiqarilgan xulosa, berilgan tavsiyalar asosida darslik boyitib borildi. 
“O‘zbekona” (A2 daraja) darsligida A1 daraja uchun mo‘ljallangan birinchi darslikdan farqli ravishda til o‘rganishdagi aspektlar alohida qismlar sifatida ajratib berildi. Har bir qism avvalgi va keyingi qismlar bilan uzviy bog‘liqdir. Har uchta darsdan keyin berilgan nazorat bloklari egallangan bilim, ko‘nikmalarni amalda qo‘llash darajasini tekshirishga yo‘naltirildi. Shu bilan birga, darslikda o‘zbek xalqining madaniyatiga oid ma'lumotlar ham alohida rukn sifatida taqdim etildi. Birinchi kitobda madaniyatga oid ma'lumotlar faqat rasmlar yordamida tushuntirilgan bo‘lsa, ikkinchi kitobda bu ruknda matn, rasm, muayyan elektron manbaga havolalar (QR-kod) ham keltirildi. "Ilovalar” qismida har bir darsdagi yangi so‘zlar lug‘ati va nazariy mavzular bo‘yicha eslatmalar o‘rin olgan. Barcha multimediali materiallar alohida kompakt diskka joylandi. Darslikdan o‘rin olgan materiallarning zamonaviyligi, dizaynning o‘ziga xosligi millati, yoshi, kasbi, qiziqishlari turlicha bo‘lgan o‘rganuvchilarning diqqatini tortadi, o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganish motivatsiyasini kuchaytiradi. Bu esa, o‘z o‘rnida, yurtimizda va xorijda o‘zbek tilining nufuzini yanada orttirib borish ishiga xizmat qiladi.