X

"O'tkan kunlar" tarjimoni "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlandi

         Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz va chet davlatlari bilan sheriklik munosabatlarini     rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalardagi amaliy ko'magi, xalqlar o'rtasidagi o'zaro bir-birini anglash va qo'llab-quvvatlash, do'stlik va madaniy hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qo'shgan munosib hissasi uchun sharqshunos olim, "O'tkan kunlar" asari tarjimoni Mark Edvard Rizni "Do'stlik" ordeni bilan mukofotladi.                 

         Mark Riz — AQShning Vashington universitetida “Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan o‘zbek tili, jadidchilik va Islom fiqhi” bo‘yicha ta’lim olgan. U 23 yillik ish faoliyatini Markaziy Osiyoda “Tinchlik korpusi” volontyori sifatida boshladi. Termiz, Samarqand, Qo‘qon shaharlarida ingliz tilidan bolalarga dars berdi va o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturlarida ishtirok etgan. Shuningdek, atoqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qildi.

 

         Tarjimaning ahamiyati shundaki, u ilk bor o'zbek tilidan inglizchaga inglizzabon tarjimon tomonidan o'girildi. Tarjimon ushbu ko’lamdor romanni ingliz tiliga o’girish uchun 15 yildan ortiq vaqt sarflagan va 660 betdan iborat asar amerikalik o’quvchilarga tushunarli bo’lishi uchun unga 400 dan ortiq tushuncha va izohlar yozgan. Bundan tashqari,  Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi, uning zamoni va zamondoshlari, “O’tkan kunlar” romanidagi siymolar haqida ma’lumotlar beruvchi theuzbekmodernist.com veb-saytini ham yaratgan.  Mark Riz yurtimizga, o'zbek xalqiga va adabiyotiga alohida mehr qo'ygan. U o'zbek tilini Samarqandda o‘rgangan. Keyinchalik Qo'qonda bolalarga dars bergan va shahar uning hayotida yorqin iz qoldirgan. "Ayniqsa, Qo‘qon shahridagi o‘zbek oilasida ikki yil davomida yashaganim o‘zbek tilini mukammal bilib olishimda tamal toshini qo‘ydi", - deydi Mark Rizning o'zi.  Olim shuning o'zi bilangina cheklanib qolmoqchi emas. Uning O'zbekiston bilan bog'liq rejalari hali juda ko'p.

         «Men o‘zim va tarjimamni asar qahramoni Otabekka qiyoslayman. U Marg‘ilon — Toshkent o‘rtasida ishq tufayli qatnaganidek, men ham Amerika va O‘zbekiston o‘rtasida “O‘tgan kunlar” asariga bo‘lgan muhabbatim sabab ko‘p bora kelib-ketib yurdim.   Ushbu asar tarjimasi bilan to‘xtab qolmoqchi emasman. Endi Abdulla Qodiriyning o‘z hayotini, ijod maktabi haqida ssenariy yozib, badiiy film olmoqchiman. Chunki, Markaziy Osiyoda qanday buyuk ijodkorlar, qalam ahli borligini, ular har qanday og‘ir kunlarda ham o‘z maqsadlari, orzu umidlaridan, xalqidan voz kechmaganliklarini butun dunyo, jumladan, amerikaliklar ham katta ekranlar orqali bilishini juda-juda istayman»  

(Mark Riz - tarjimon, sharqshunos olim)

         Mark Riz qariyb 20 yildan buyon o'zbek tili va adabiyotini xorijda tanitishda o'z hissasini qo'shib kelmoqda. U o'zining "Facebook"dagi sahifasida ushbu rag'batdan mamnun ekanligini, shuningdek, unga yordam bergan barchadan minnatdorligini izhor qilgan

 

         «... Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy       universiteti, Qodiriylar oilasiga katta hurmat va    muhabbat izhor etmoqchiman. Ishonchingiz uchun tashakkur. G'alabalarim sizniki,  mag'lubiyatlarim o'zimniki»

 (Mark Riz - tarjimon, sharqshunos olim)

         O'z navbatida, Alisher Navoiy universiteti ham olimni ushbu muvaffaqiyat va e'tirof bilan tabriklaydi. Uning tilimiz, adabiyotimiz rivojiga qo'shayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi. Sizni tez kunlarda, yana universitetimizda ko'rishdan mamnun bo'lamiz, Janob Riz!