MAGISTRATURAGA HUJJAT TOPSHIRGAN ABITURIYENTLAR VA ULARNING OTA-ONALARI DIQQATIGA!


“Mish-mishlarga quloq solmang. Tanish izlab, to‘rt tomonga chopishdan ko‘ra, farzandingizga ruhan dalda bering, o‘z bilimi va kuchiga ishonch uyg‘oting! Yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi uchun sharoit yarating!”

 Mana nihoyat,  magistraturaga imtihonlar boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bu yil imtihonlar, xabaringiz bor, mutaxassislik fanidan universitetning o‘zida, chet tili esa Davlat test markazi tomonidan olinadi. Universitetimizda mavjud 11 mutaxassislikka joriy yilda 778 nafar abituriyent ariza topshirdi. Ularning ichida turli universitet bitiruvchilari ham bor. Universitetimizning saytida ( www.navoiy-uni.uz ) magistraturaga qabul jarayoni bilan bog‘liq kerakli ma’lumotlar joylashtirilgan.

Mutaxassislik fanidan imtihon dasturlari va savollar bazasi ham mavjud. Shuningdek, ushbu kunlarda tashkil etilayotgan konsultasiya-maslahat mashg‘ulotlaridan xabarsiz qolmasligingizni iltimos qilaman. Barcha abituriyentlarni universitet saytidagi ma’lumotlarga jiddiy e’tibor qaratishlarini so‘raymiz. Sizlarga omad tilagan holda, shuni aytishim kerakki, bu yil magistraturaga imtihonlar shaffof, adolatli va haqqoniy o‘tishi uchun barcha choralarni ko‘rib qo‘yganmiz. Barcha imtihon oluvchi o‘qituvchilar jiddiy ogohlantirilgan. Hech qanday sub’ektiv yondashuv, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaymiz! Ammo qars ikki qo‘ldan, degan gap bor. Hozirdanoq kimlardir o‘qituvchilarimiz orasidan vositachilar qidirayotgani haqida xabarlar yetib kelmoqda. Universitet atrofida yurgan firibgarlar kimlargadir yolg‘on va’dalar bilan o‘qishni gaplashib berishga harakat qilayotgani haqida ham mish-mishlar tarqaldi. Abituriyentlar orasida tarqalgan “keyingi yildan magistraturaga kirish qiyin bo‘ladi, shuning uchun shu yil nima bo‘lsa ham, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, o‘qishga kirib olish kerak” degan gap-so‘zlar ayrim abituriyentlarimiz va ularning ota-onalarini qing‘ir yo‘llardan najot istashlariga bois bo‘lmoqda.

Hurmatli abituriyentlar!


Universitetimizda men bosh qabul komissiyasi  korrupsion hatti-harakatlarning oldini olish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rganmiz. Maqsad bitta:  imtihonlar adolatli  va halol o‘tishi, har kim o‘z bilimiga yarasha bahosini olishi kerak! Agar siz imtihonlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘z bilimingiz va kuchingizga ishonsangiz, albatta magistratura talabasi bo‘lasiz! Turli firibgar “hojatbaror” tanishlarning tuzog‘iga tushib qolmang! Ular rektor, prorektor yoki dekanlar bilan gaplashishni va’da qilishi mumkin. Ishonmang! Nafaqat biz, boshqa universitet rahbarlari ham bunday jinoyatga qo‘l urmaydi. Mana besh yildirki, oliy ta’limda korrupsiyani yo‘q qilish uchun rektorlar jon-jahdlari bilan harakat qilmoqdalar. Ammo qandaydir firibgar kimsalarning hatti-harakatlari tufayli mish-mishlar to‘xtamayapti. Shunday betayin kimsalar oliy ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar orasida yo‘q deb ayta olmayman. Aldanib qolmang! Bilim sizdan, adolat bizdan!

Hurmatli ota-onalar!


         Har kim o‘z farzandi kamolini istaydi. Sizga o‘z “xizmati”ni taklif etayotgan “jonkuyarlar”dan saqlaning! Tanish-bilish, pora evaziga o‘qishga kirishning davri allaqachon o‘tganini bilishingiz kerak. Mish-mishlarga quloq solmang. Tanish izlab, to‘rt tomonga chopishdan ko‘ra, farzandingizga ruhan dalda bering, o‘z bilimi va kuchiga ishonch uyg‘oting! Yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi uchun sharoit yarating!

Shuhrat Sirojiddin


Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori