Universitetda xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda


“2021-yil 1-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Turkiy tillar tadqiqi va ta`limining dolzarb muammolari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.”

2021-yil 1-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili kafedrasi tashabbusi bilan Qozog‘istonning Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti Qozoq tilshunosligi kafedrasi bilan hamkorlikda “Turkiy tillar tadqiqi va ta`limining dolzarb muammolari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarni Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti Filologiya fakulteti dekani, f.f.d., professor Ardak Beysenbay, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo universiteti f.f.d., professor Gulgaysha Sagidolda, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili fakulteti dekani, f.f.d., professor Saodat Muhamedova hamda  f.f.n., dotsenti Muyassar Saparniyozovalar kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

Seminarning ma`ruza mavzulari rang-barang bo‘lib, turkiy tillar tadqiqi va ta`limining nihoyatda dolzarb mavzularini qamrab olgan.

Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti f.f.d., professor Hamidulla Dadaboyev “Zamonaviy turkologiyaning dolzarb muammolari”, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti p.f.d., professor Shinar Qurmanbayeva “Ilmiy-metodik tadqiqotlarga qo‘yiladigan zamonaviy talablar”, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti doktoranti Mayra Yermekbayeva “Xorijiy tillarni o‘qitishda maqol va matallardan foydalanish”, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU p.f.d., professor Gulshan  Asilova “O‘zbek tilini o‘qitishda turli tizimli tillarni qiyoslash metodlaridan foydalanish”, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti doktoranti Oraz Aydana “Qozoq tilini o‘qitishda leksik malakalarni shakllantirish va rivojlantirishning nazariy asoslari”, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU f.f.n., dotsenti Nargiza Musulmonova  “Ona tilining ayrim mavzularini o‘qitish muammolari (til yaruslari misolida)”, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti doktoranti Esmegul Raeva “Turkiy tillarda zoonimlarning etimologik asoslari (qozoq, o‘zbek, turk tillari misolida)”, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti doktoranti Elmira Kemelbekova “O‘rta Osiyo olimlarining amaliy geometriya terminlarining shakllanishidagi hissasi”, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU dotsenti Dilafruz Hidoyati “Ta`lim modellari. O‘zbek tilini o‘qitishda interfaol modelning o‘rni”, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti doktoranti Aynash Qurmanova “Predmetli-yo‘naltirilgan ta`lim: tadqiqot va mazmun”,  Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU f.f.d. (PhD), katta o‘qituvchisi Yekaterina Shirinova “O‘zbek tili bank-moliya terminlarining struktur xususiyatlari” hamda universitet doktoranti Gulruxsor Ergasheva “O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitilishining nazariy va amaliy mavqe`yi”, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti doktoranti Gulnaz Risbek qizi “Qozoq tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning zamonaviy metod va usullari” mavzularida qiziqarli va mazmunli ma`ruzalari bilan so‘zga chiqdilar. Ma`ruzalardan keyin o‘zaro savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

Seminar yakunida hamkorlik rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mazkur seminarni boshqa turkiy mamlakatlarining OTMlarini ham jalb qilgan holda doimiy faoliyat olib boruvchi seminarga aylantirish borasida o‘zaro kelishib olindi. Ushbu seminar turkiy xalqlar tilshunos va pedagoglarining istiqboldagi hamkorlik faoliyati uchun debocha bo‘ldi.