Xalqaro konferensiya: Ona tili ilmining yangi cho'qqilari kashf etildi


““O‘zbek tilini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman 20-oktabr kuni 5 ta sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi. ”

“O‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari” sho‘basida  10 dan ortiq ma’ruza tinglandi. Professor S.Ashirboyevning “Areal lingvistikada innovatsiya”, professor D.Xudoyberganovaning “O‘zbek lingvomadaniyatshunosligining dolzarb muammolari”, Z.Xidraliyevaning “Iqon shevasida singarmonizm xususiyatlari” kabi ma’ruzalari dolzarbligi, qiziqarliligi bilan bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. 
“Til tarixi va turkiy manbalar” sho‘basida 20 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi. Professor Q.Sodiqovning “Qutadg‘u biligning uyg‘ur yozuvi qo‘lyozmasining tekstologik yutuqlari”, professor B.Abdushukurovning “Devonu lug‘atit turk”  va o‘zbek tili shevalari, Nodirbek Jo‘raqo‘ziyevning Ieronim Migizerning “Institutinnum linguae Turcicae libri quatuor” asari tuzilishi va mudarijasi xususiyatlari kabi ma’ruzalari qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. 
“Madaniyatlararo muloqot va o‘zbek tili taraqqiyoti” deb nomlangan 3-sho‘bada ham bir-biridan qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Xususan, doktor Ahmet Karaman (Turkiya)ning “Özbekçeden türkçeye aktarmalarda art fiil sorunu”, professor Zilola Xudaybergenova (Turkiya)ning “Til va madaniyat: o‘zaro munosabat va o‘zaro ta’sir masalasi”,  f.f.d., dotsent Abdurahim Nasirovning “Madaniyatlararo muloqot va o‘zbek tili taraqqiyotida iboralarning o‘rni hamda ahamiyati” kabi ma’ruzalarining dolzarbligi, masalaga yechimning berilganligi bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi. 
“Globallashuv va hozirgi turkiy tillar” deb nomlangan 4-sho‘ba 10 ga yaqin bir-biridan qiziqarli, dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
“Amaliy tilshunoslik va lingvodidaktika muammolari” deb nomlangan 5-sho‘baga 20 dan ortiq ma’ruza tinglandi. Baxtiyor Mengliyevning “O‘zbek tili taraqqiyoti rivojlanish omillari”, Ayrat Gatiatullin (Tatariston), Nilufar Abduraxmonovalarning “O‘zbek tilining lingvistik ma’lumotlar bazasini shakllantirishda “turkiy morfema) portali instrument sifatida”,  Shahlo Xamroyevaning “O‘zbek tilshunosligida axborot-qidiruv tizimlari lingvistik ta’minoti borasidagi ishlar haqida”, Asqar Eshmuminovning “Jahon va o‘zbek tilshunosligida korpus lingvistikasining tadrijiy taraqqiyoti”, Saodat Adilovaning “Chet elliklarga o‘zbek tilini o‘qitishning o‘ziga xosliklari” kabi ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, tashkil etilgan sho‘ba yig‘ilishlarida tinglangan ma’ruzalar yuqori saviyada yozilganligi, dolzarb masalalarga bag‘ishlanganligi, ilmiy asoslanganligi bilan anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.