Yangi o`quv yilidan yangi maqsadlar sari


“Bugungi kunda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, turli zamonaviy kasblarning paydo bo‘layotganligi oliy ta’lim tizimi oldiga ham zamon talablariga javob bera oladigan pedagog-kadrlar tayyorlash vazifasini qo‘ymoqda.”

Bugungi kunda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, turli zamonaviy kasblarning paydo bo‘layotganligi oliy ta’lim tizimi oldiga ham zamon talablariga javob bera oladigan pedagog-kadrlar tayyorlash vazifasini qo‘ymoqda.  Shu vazifalardan kelib chiqib, rektorimiz Sh.S.Sirojiddinov boshchiligida universitetimizda, jumladan fakultetimizda   qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. 
Xususan, 2020–2021-o‘quv yilida universitet tasarrufidagi “Oʻzbek tilini oʻqitish metodikasi” laboratoriyasi xodimlari tomonidan xalqaro tajriba va ilmiy tadqiqotlar asosida Oʻzbek tilini ona tili sifatida oʻqitishning yangicha – milliy yondashuvi taklif etildi. Bu taklif  Xalq ta’limi vazirligi va xalqaro ekspertlar tomonidan ma’qullanib, amaliyotga joriy qilindi. “Amaliy tilshunoslik va lingvodidaktika” hamda “Oʻzbek adabiyotini oʻqitish metodikasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ona tili va adabiyot fani uchun Milliy o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.  “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsligi yaratildi. 
Ushbu izlanishlarga nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki iqtidorli, umidli talabalarimiz ham munosib hissa qo‘shmoqda.  Mana fakultetimizningeng bilag`on  talabalaridan biri Shokirjon Tursunov RTI, UNICEF, UNESCO, Florida hamda Missisipi universiteti mutaxassislari bilan hamkorlikda 1 – 4-sinflar uchun UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari muhokamasida ishtirok etdi, shu bilan birga umumamta’lim fanlari boʻyicha sertifikatlash va bilim darajasini baholashning milliy test tizimi – MILLIY SERTIFIKAT TESTLARIni ishlab chiqishda ekspert sifatida faoliyat olib bordi. 
Yana talabalarimizdan – Kamola Nosirova va Dilorom Toshboyeva 2021-yil ilk marotaba amalga oshirilayotgan Avrasya Gençlik Okulu loyihasi gʻoliblari boʻlishdi.  Bizda Shokirjon, Kamola, Diloromga o‘xshagan iqtidorli talabalar juda ko'p. Ular bizning faxrimiz! 
Yangi o`quv yilidan yangi maqsadlar sari qadam tashladik. Endilikda fakultetimiz jamoasi oldida ona tili va adabiyot o‘qitishni xalqaro standartlar asosida zamon talablariga mos takomillashtirish vazifasi turibdi. Ulkan maqsadimizga  professor-o‘qituvchilarimiz va talabalarimiz bilan birgalikda erishishimizga ishonchim komil! 
Yangi oʻquv yilida professor-oʻqituvchilarimizga, talabalarimizga kuch- gʻayrat, shijoat va ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman!

O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish  fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor  Laylo Raupova